Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiyani tuzish toʻgʻrisida (1635-III-son)
24.04.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 44-bandiga muvofiq sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tuzilsin.
2. Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlari ijrosi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish;
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlash borasidagi muammolarni, sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qilish;
sud hokimiyati va sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash borasidagi ishlarning amaldagi holatini oʻrganish;
odil sudlovni amalga oshirishga hamda sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillarni aniqlash;
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlash, sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sud hokimiyati va sudyalar mustaqilligini taʼminlash borasidagi tajribasini oʻrganish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiya toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiya tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-aprel,
1635-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-aprel,
KQ-341-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2018-yil 24-apreldagi 1635-III/KQ-341-III-sonli Qoʻshma qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiya toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi komissiyaning (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlarini, shuningdek Komissiya faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati va sudyalar mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashuvchi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida doimiy faoliyat koʻrsatadigan kollegial organdir.
Komissiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, boshqa davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, oʻzga tashkilotlar va fuqarolar bilan hamkorlikda, ochiq va oshkora tarzda amalga oshiradi.
3. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Komissiyaning faoliyati sudlarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashmagan holda olib boriladi.
II. Komissiyani shakllantirish tartibi
5. Komissiya oʻn besh kishidan iborat tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari orasidan rais, rais oʻrinbosari va Komissiya aʼzolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
6. Komissiyaning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati kengashlarining qoʻshma qarori bilan kiritiladi.
7. Komissiya raisi etib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri va Senati Raisi navbati bilan, bir yillik muddatga tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ayni bir palatasi vakillari bir vaqtning oʻzida Komissiya raisi va uning oʻrinbosari etib tasdiqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Komissiya aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
9. Komissiya aʼzosining tegishli ravishda deputat yoki senator sifatidagi vakolati tugatilgan taqdirda, u Komissiyadagi oʻz faoliyatini tugatadi.
10. Faoliyatning samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Komissiya yurisprudensiya sohasida katta nazariy va amaliy tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar orasidan ilmiy-ekspertlik, ishchi guruhlar tuzishi mumkin.
III. Komissiyaning vazifalari va vakolatlari
11. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlari ijrosi ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish;
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlash borasidagi muammolarni, sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qilish;
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlash borasidagi ishlarning amaldagi holatini oʻrganish;
odil sudlovni amalga oshirishga hamda sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligiga salbiy taʼsir koʻrsatayogan omillarni aniqlash;
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlash, sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sud hokimiyati va sudyalar mustaqilligini taʼminlash borasidagi tajribasini oʻrganish.
12. Komissiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, Oliy sudiga, Sudyalar oliy kengashiga, Bosh prokuraturasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) kelib tushgan murojaatlariga oid umumlashmalarni soʻrab oladi;
aholi hamda sudyalar bilan uchrashuvlar oʻtkazadi, odil sudlovni amalga oshirishga taʼsir koʻrsatayotgan omillarni, sudyalar faoliyatiga aralashish holatlarini aniqlash maqsadida sudyalar oʻrtasida anonim soʻrovlar oʻtkazadi;
parlament soʻrovi loyihalarini tayyorlaydi, davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga deputat soʻrovi va Senat aʼzosi soʻrovi yuborilishini tashkil etadi;
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlashga, odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga, shuningdek sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni oʻtkazilgan tahlil yakunlariga koʻra ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish masalalari boʻyicha takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Sudyalar oliy kengashi raislarining, davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining sud hokimiyati va sudyalar mustaqilligini taʼminlash, sudlar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik jihatdan taʼminlash masalalari boʻyicha axborotini eshitadi hamda ularga tegishli tavsiyalar kiritadi;
sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlash masalalari boʻyicha konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar va boshqa tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Sudyalar oliy kengashi majlislarida oʻz vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan ishtirok etadi;
zarur hollarda, sud hokimiyati va sudyalarning mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlari ijrosi ustidan monitoringni amalga oshirish uchun davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar vakillarini va ekspertlarni jalb qilgan holda ishchi guruhlar tuzadi.
Komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
IV. Komissiya faoliyatini tashkil etish
13. Komissiya oʻz faoliyatini Komissiya majlisida tasdiqlanadigan yillik rejalar asosida amalga oshiradi.
14. Komissiyani rais boshqaradi. Rais:
Komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Komissiya majlislarining kun tartibini tasdiqlaydi;
Komissiya majlisini chaqiradi va unda raislik qiladi;
Komissiya aʼzolari zimmalaridagi vazifalar bajarilishiga doir ishlarni muvofiqlashtirib boradi;
Komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi.
Komissiya raisi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
15. Komissiya raisining oʻrinbosari:
Komissiya qarorlari, ish rejasi bajarilishini nazorat qiladi va Komissiya raisiga ular ijro etilishining holati haqida axborot beradi;
Komissiya raisi boʻlmaganda uning vazifalarini bajaradi.
Komissiya raisining oʻrinbosari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16. Komissiya kotibi Komissiya raisi tomonidan Komissiya aʼzolari orasidan tayinlanadi.
Komissiya kotibi:
Komissiyaning barcha zarur materiallarini yigʻishni, umumlashtirishni va muhokama uchun oʻz vaqtida tayyorlanishini hamda Komissiya raisiga taqdim etilishini taʼminlaydi;
Komissiya aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlis oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida xabardor qiladi;
Komissiya aʼzolarini majlis kun tartibiga kiritilgan masalalarga oid zarur materiallar bilan taʼminlaydi;
Komissiya qarori va ish rejasining loyihalarini tayyorlaydi hamda Komissiya majlisining bayonnomasini yuritadi;
Komissiya qarorlarining koʻchirma nusxalarini manfaatdor shaxslar va tashkilotlarga yuboradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini, shuningdek ular bilan uchrashuvlarda koʻtarilgan masalalarni oʻrganadi va umumlashtiradi;
Komissiya faoliyatiga oid yigʻma jildlarning tayyorlanishini va oʻz vaqtida idoraviy arxivga saqlash uchun berilishini taʼminlaydi;
Komissiya qaroriga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
Komissiya kotibi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
17. Komissiya ishining tashkiliy shakli uning majlisidir.
Zarur hollarda, Komissiyaning sayyor majlislari oʻtkazilishi mumkin.
Komissiya majlisi, agar unda Komissiya aʼzolarining kamida yarmi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
18. Komissiya majlislari zaruratga qarab, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Komissiya majlisining kun tartibi majlis oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin tayyorlanadi.
Komissiya majlisi kun tartibiga kiritiladigan masalalar Komissiya raisiga uning oʻrinbosari va Komissiyaning boshqa aʼzolari tomonidan kiritiladi.
19. Komissiya majlislari ochiq va oshkora tarzda oʻtkaziladi. Majlislarga davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif etilishi mumkin.
Zarur hollarda, Komissiya yopiq majlis oʻtkazish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
20. Komissiyaning barcha aʼzolari teng huquqqa ega va qaror qabul qilishda bittadan ovozga ega boʻladi.
21. Ovoz berilayotganda Komissiya aʼzolaridan boshqa shaxslarning hozir boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Komissiya aʼzosi qanday ovoz bergani va uning fikri oshkor etilishi mumkin emas.
22. Komissiya oʻz vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Komissiyaning qarorlari Komissiya majlisida ishtirok etayotgan Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Komissiya raisi oxirgi boʻlib ovoz beradi va ovozlar teng boʻlib qolsa, uning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
23. Komissiya qarorlari majlisda ishtirok etgan Komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Komissiyaning qaroriga qoʻshilmagan Komissiya aʼzosi Komissiya qarori yuzasidan oʻzining alohida fikrini yozma shaklda bildirishga haqli.
24. Komissiya aʼzolari qaror qabul qilayotib, siyosiy qarashlardan va boshqa begona taʼsirlardan xoli boʻlgan oʻz nuqtai nazarini bildiradi.
25. Komissiyaning tegishli organlar va tashkilotlarga yuboriladigan qarorlari ular tomonidan albatta koʻrib chiqilishi hamda mazkur organlar va tashkilotlar koʻrib chiqish natijalari yoki koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida, agar qarorda boshqa muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay xabar berishi lozim.
26. Komissiya qarorining asl nusxasi va Komissiya faoliyatiga taalluqli boʻlgan boshqa materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining devonida saqlanadi.
27. Komissiya yil yakunlari boʻyicha oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi va uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
V. Yakunlovchi qoidalar
28. Komissiya faoliyatining tashkiliy, axborot-tahliliy va moddiy-texnik taʼminoti Komissiya raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qaysi palatasidan tasdiqlangan boʻlsa, oʻsha palataning devoni tomonidan amalga oshiriladi.
29. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati kengashlarining qoʻshma qarori asosida oʻz faoliyatini tugatadi.
