Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika Komissiyasi mintaqaviy Ishchi guruhlarining faoliyati toʻgʻrisida (1897-III-son)
11.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika Komissiyasining (bundan buyon matnda Respublika Komissiyasi deb yuritiladi) 5 ta mintaqaviy Ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 7 oyida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, respublikaning barcha hududlarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar holati atroflicha oʻrganilib, Respublika Komissiyasi hamda joylardagi xalq deputatlari Kengashlarining qoʻshma yigʻilishlarida tanqidiy muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Muhokamalar natijasiga koʻra, oʻz faoliyatida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 237 nafar masʼul shaxsga nisbatan intizomiy choralar koʻrilgan.
Jinoyatlarning soni oshgan ayrim hududlarda jinoyat sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar oʻrganilib, har bir jinoyat turi boʻyicha ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilgan.
Natijada joriy yilning 7 oyida mamlakatda sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 38,2 foizga, jinoyat-qidiruv yoʻnalishidagi jinoyatlar esa 38,3 foizga kamaygan.
Biroq, mintaqaviy Ishchi guruhlarining jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatida tizimli kamchiliklar hanuzgacha saqlanib qolmoqda.
Jumladan, hududlardagi jinoyatchilik holati, kriminogen vaziyat hamda soni oshgan jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar chuqur tahlil qilinmagan.
Aksariyat hollarda, mintaqaviy Ishchi guruhlarning oʻrganishlari yuzaki oʻtkazilgan, barcha sohalar toʻliq qamrab olinmagan, rejaviy tadbirlarning ijrosi yuzasidan Respublika Komissiyasiga taqdim qilingan maʼlumotnomalar sifatsiz tuzilgan.
Shuningdek, Respublika Komissiyasi va mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilingan qoʻshma qarorlarning ijrosi toʻliq taʼminlanmagan, ayrim hollarda amalga oshirilgan ishlar natijasi boʻyicha oʻz vaqtida Komissiyaga axborotlar taqdim etilmagan.
Muayyan mintaqaviy Ishchi guruhi faoliyatida aniqlangan kamchiliklardan boshqa mintaqaviy Ishchi guruh rahbarlari va aʼzolari oʻzlariga tegishli xulosa chiqarmagan.
Xususan, deyarli barcha hududlardagi ichki ishlar organlari va mahallalarda Respublika Komissiyasi qarorlari mavjud emas.
Ayrim hududlarda har bir jinoyatni jinoyat sodir boʻlgan va jinoyat sodir qilgan shaxsning yashash joyidagi mahallalarda keng jamoatchilikni jalb qilgan holda muhokama qilish amaliyoti hamon yoʻlga qoʻyilmagan.
Shuningdek, boshqa hududdan kelib jinoyat sodir etgan fuqarolar haqida ularning yashash joylariga xabar berish amaliyoti hamon toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan.
Jumladan, birgina Toshkent shahar, Toshkent va Namangan viloyatlari ichki ishlar organlari tomonidan 658 nafar boshqa hududda yashovchi shaxslarning yashash joylariga ularning sodir etgan jinoyatlarining muhokama qilinishini taʼminlash uchun xabarnomalar yuborilmagan.
Hududlarda “Jamoatchilik nazorati” maskanlarining ish faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan, baʼzilari esa “xoʻjakoʻrsinga” tashkil qilingan.
Jinoyatlarning oldini olish maqsadida muayyan mahallaga olib kiruvchi koʻchalar boshiga videokuzatuv kameralarining oʻrnatilishida sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda.
Xususan, Sirdaryo viloyatidagi 221 ta mahallaning 3.534 ta koʻchasidan atigi 23 tasiga (0,6%) kameralar oʻrnatilgan, xolos.
Oqibatda, Respublikadagi 8.999 ta mahallaning 5.315 tasida yoki 59,1 foizida jinoyatlar sodir etilgan, ularning har toʻrtinchisida (28,2%) esa, jinoyatlar soni oshgan.
Huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmagan, ishsizlarning bandligini taʼminlash borasida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyilgan.
Mintaqaviy Ishchi guruhlar tomonidan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, aniqlash va bartaraf etish boʻyicha tizimli va samarali chora-tadbirlar koʻrilmagan.
Ularning ish faoliyati asosan, sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oqibatlariga qarshi kurashni tashkil etishdan iborat boʻlib qolgan.
Tezkor-qidiruv faoliyati talab darajasida tashkil etilmagan, shuningdek tergov va suddan yashiringan jinoyatchilarga qoʻllanilgan ehtiyot chorasini qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasiga oʻzgartirish ishlari nihoyasiga yetkazilmagan.
Xususan, joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlarda tergov va sud organlaridan yashiringan 1.329 nafar qidiruvdagi shaxslarga nisbatan qoʻllanilgan tilxat ehtiyot chorasini qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasiga oʻzgartirish boʻyicha Respublika Komissiyasining qarorlarida tegishli koʻrsatmalar berilgan boʻlsada, 261 nafar shaxs (ularning 38 nafari ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir qilgan) hamon tilxat ehtiyot chorasi asosida qidirilmoqda.
Fuqarolarning oʻz joniga qasd yoki suiqasd qilish holatlarining oldini olish yuzasidan davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kutilgan samarani bermagan.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Toshkent, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlarida oʻz joniga qasd yoki suiqasd qilish hodisalari oshgan.
Shuningdek, oʻz joniga qasd qilgan ayollar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21 taga oshib, 564 nafarni tashkil etgan.
Ayrim hududlarda tungi koʻngilochar joylarining faoliyat koʻrsatishiga hali-hamon chek qoʻyilmagan.
Respublika Komissiyasi aʼzolari hisoblangan Xotin-qizlar qoʻmitasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika Kengashi boshqaruvi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining rahbarlari, aksariyat holatlarda, joylarda oʻtkazib kelingan Komissiya va mahalliy Kengashlarning qoʻshma yigʻilishlarida ishtirok etmagan.
Mavjud holat mintaqaviy Ishchi guruh aʼzolarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish lozimligini taqozo etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika Komissiyasi Raisi N. Yoʻldoshevning Respublika Komissiyasi mintaqaviy Ishchi guruhlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mintaqaviy Ishchi guruhlari aʼzolari tomonidan faoliyatda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi taʼkidlansin.
3. Mintaqaviy Ishchi guruh rahbarlari (K. Kamilov, P. Bobojonov, E. Tadjiyev, E. Yuldashev, S. Saidkarimov):
ishchi guruh aʼzolarini oʻrganishlarga toʻliq jalb etgan holda, yuklatilgan vazifalarni bajarishda ularning masʼuliyatini oshirish nuqtai nazaridan talabchanlikni oshirsin;
jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashishda joylardagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek davlat hamda jamoat tashkilotlarining kelgusidagi faoliyatlarini “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimi asosida tashkil etsin;
joriy yilning 7 oyi yakuni boʻyicha biriktirilgan hududlardagi jinoyatchilik holatini chuqur tahlil qilib, har bir mahalla, tuman (shahar)ga kriminogen vaziyatdan kelib chiqib “diagnoz” qoʻyilishi, shuningdek hududlar hamda respublikaning kriminogen xaritalari ishlab chiqilishini taʼminlasin;
har bir sektorda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarni aniq sarhisob qilish mezonlarini ishlab chiqsin;
sektorlar rahbarlarining jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirgan ishlarini tahlil qilib, ularning faoliyatiga xolisona baho bergan holda, aybdor shaxslarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrsin;
hududlardagi kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi toʻliq tahlil qilinib, jinoyatlar soni oshgan mahallalarga mavjud kuch va vositalarning toʻgʻri taqsimlanishini taʼminlasin;
oila-turmush doirasida, yaʼni yaqin qarindoshlar oʻrtasida sodir etiladigan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirsin;
oʻz joniga qasd yoki suiqasd qilish holatlari chuqur tahlil etilib, mutasaddi idoralarning bunday nohush holatlarning oldini olish borasidagi faoliyati tizimli ravishda muhokama qilib borilsin;
ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortib, muntazam ravishda ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilib kelayotgan, shuningdek, voyaga yetmagan bolalarini tarbiyalash va ularni taʼlimga jalb qilish borasidagi majburiyatlarini surunkali tarzda bajarmagan ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni sud tartibida ota-onalik huquqidan mahrum etish yoki cheklash boʻyicha daʼvo arizalari kiritish amaliyotidan samarali foydalanilishini taʼminlasin;
amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Respublika Komissiyasiga joriy yilning 26-avgust kuniga qadar axborot taqdim etsin.
4. Mintaqaviy Ishchi guruhlari Respublika Komissiyasining 2018-yil 26-fevraldagi 1-son qarori ijrosini taʼminlab, amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har oyning 10 sanasiga Respublika Komissiyasiga axborot taqdim etib borsin.
5. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika Komissiyasi Ishchi organi rahbari B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-avgust,
1897-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-avgust,
KQ-393-III-son
