Tijorat banklari tomonidan chet el valyutasidagi hisobvaraqlarni yuritish tartibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (511-12-son)
25.03.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 25-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 511-12]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 1998-yil 5-sentabrda 232-son bilan tasdiqlangan Tijorat banklari tomonidan chet el valyutasidagi hisobvaraqlarni yuritish tartibiga (roʻyxat raqami 511, 1998-yil 22-oktabr) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-fevral,
3/6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-fevraldagi 3/6-son qaroriga ILOVA
Tijorat banklari tomonidan chet el valyutasidagi hisobvaraqlarni yuritish tartibiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3.1-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“uyushgan savdolarda jamiyat aksiyalarini sotib olishni (sotishni) amalga oshiruvchilarga;”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. 3.2-band quyidagi mazmundagi “b1” kichik band bilan toʻldirilsin:
“b1) vakolatxona tashkil etgan norezident — yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsion faoliyati natijasida olingan dividendlari va boshqa daromadlari;”.
3. 4.6-bandning “d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) hisobvaraq egasining Oʻzbekiston Respublikasining boshqa banklarida ochilgan hisobvaraqlariga oʻtkazilishi, shuningdek amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin.”.
4. 5.2-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“doimiy muassasa tashkil etgan norezident — yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidagi investitsion faoliyati natijasida olingan dividendlari va boshqa daromadlari.”.
5. 5.3-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi hisobvaraqlariga oʻtkazilishi;”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin.
6. VI boʻlim nomi va 6.1-band “savdolarida qatnashuvchi” degan soʻzlardan keyin “va uyushgan savdolarda jamiyat aksiyalarini sotib olishni (sotishni) amalga oshiruvchi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
7. 6.2-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“uyushgan savdolarda aksiyalarni sotib olishdan (sotishdan) tushgan mablagʻlar;”;
uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
