“Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (2310-III-son)
02.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining
Qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvarda qabul qilingan PF-5635-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 30-bandini ijro etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2018-yil 2-aprelda qabul qilingan 1600-III/KQ-322-III-sonli Qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan “Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin hamda uning yangi tahriri 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Elektron jamoaviy murojaatlarni koʻrib chiqishning ochiqligini, oshkoraligini, begʻarazligi va xolisligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakili va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlaridan iborat tarkibda 2-ilovaga muvofiq Ishchi komissiya tuzilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasdiqlangan Nizom talablarini inobatga olgan holda “Mening fikrim” veb-portali ishining texnik va funksional parametrlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritsin.
4. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-fevral,
2310-III
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-fevral,
KQ-503-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 2-fevralda qabul qilingan 2310-III/KQ-503-III-sonli Qoʻshma qaroriga 1-ILOVA
“Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaatlar berish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM (yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom vakolatli davlat organlariga “Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaatlar berish va ularni koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom koʻrib chiqilish tartibi fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarida, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida hamda boshqa qonun hujjatlarida belgilangan elektron jamoaviy murojaatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
elektron jamoaviy murojaat (murojaat) — vakolatli davlat organlariga “Mening fikrim” veb-portali orqali elektron shaklda berilgan murojaat;
“Mening fikrim” veb-portali — fuqarolarning vakolatli davlat organlariga elektron jamoaviy murojaat berish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlari roʻyobga chiqarilishini taʼminlovchi maxsus veb-portal;
vakolatli davlat organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari;
elektron jamoaviy murojaat tashabbuskori (murojaat tashabbuskori) — vakolatli davlat organiga “Mening fikrim” veb-portali orqali murojaat qilgan, elektron jamoaviy murojaat berilgan kunda oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi;
moderator — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti;
ishchi komissiya — “Mening fikrim” veb-portaliga elektron jamoaviy murojaatni joylashtirish toʻgʻrisidagi yoki joylashtirishni rad etish haqidagi masalani dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun vakolatli davlat organlari va moderator vakillaridan jamoatchilik asosida tuzilgan organ.
4. Elektron jamoaviy murojaatni koʻrib chiqishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
elektron jamoaviy murojaatlarga tezkor munosabat bildirish;
kollegiallik;
xalq bilan muloqot;
shaffoflik.
5. Ushbu Nizomga muvofiq zarur miqdordagi ovozlarni toʻplagan elektron jamoaviy murojaatlar ularning miqdoridan qatʼi nazar teng ahamiyatga ega boʻladi.
6. Murojaatning mazmunida uning mohiyati va amalga oshirilish mexanizmi bayon etilgan boʻlishi kerak.
Murojaat tashabbuskori uning qaysi vakolatli davlat organiga yoʻllanganligini koʻrsatadi.
7. Murojaat davlat tilida va boshqa tillarda beriladi.
8. Murojaatda murojaat tashabbuskorining shaxsiga oid maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, elektron pochta manzili, bogʻlanish uchun telefon raqami) koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
9. Murojaat tashabbuskorining shaxsiga oid maʼlumotlar moderator tomonidan faqat xizmat maqsadida foydalaniladi va ular murojaat tashabbuskorining roziligisiz uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas.
10. Shaxsga oid maʼlumotlarning ishonchliligi uchun murojaatning tashabbuskori javobgar boʻladi.
11. Quyidagi masalalar murojaatning predmeti boʻlishi mumkin emas:
Oʻzbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va soliqlar haqidagi;
amnistiya va afv etish toʻgʻrisidagi;
amaldagi konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat qilish haqidagi;
jamiyatning maʼnaviy qadriyatlariga putur yetkazadigan, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini poymol qiladigan;
urush, zoʻravonlik, shafqatsizlikni targʻib qilish, millatlararo, irqiy, diniy adovat, ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi;
terrorchilik harakatlarini sodir etishga, qonunga muvofiq jinoiy va oʻzga javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga daʼvat qilish haqidagi;
giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va ularning analoglarini, shuningdek prekursorlarni targʻib qilish toʻgʻrisidagi;
pornografik tusdagi axborotni targʻib qilish haqidagi;
reklama tusidagi maʼlumotlarni ilgari suradigan;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan;
jamoat tartibini, aholi sogʻligʻi va xavfsizligini taʼminlashga doir favqulodda hamda shoshilinch chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi;
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishini oʻzgartirish haqidagi;
vakolatli davlat organining vakolatlariga kirmaydigan;
tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruv va tergovni amalga oshiruvchi organlarning, sudlarning vakolatlariga kiradigan;
mansabdor shaxslarni tayinlash (saylash) va ozod qilish bilan bogʻliq boʻlgan;
shaxsiy ehtiyojdan yoki shikoyatdan iborat boʻlgan;
tuhmatdan yoki boʻhtondan iborat boʻlgan;
mazmuni va maʼnosiga koʻra veb-portalga kelib tushgan, joylashtirilgan murojaatlarga oʻxshash boʻlgan yoxud qabul qilingan paytidan eʼtiboran bir yillik muddat oʻtmagan, vakolatli davlat organining qarori qabul qilib boʻlingan;
vakolatli davlat organiga nisbatan aniq talablarni nazarda tutmaydigan;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishi toʻgʻrisidagi;
davlat organlari va tashkilotlarini tuzish, tugatish va qayta tashkil etish haqidagi;
shakliga, mazmuniga va maʼnosiga koʻra qonun hujjatlari bilan tartibga solingan qoidalarga oʻxshash boʻlgan.
12. “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirilgan murojaatlardan jamoatchilik fikrini oʻrganish va aks ettirish uchun foydalanilishi mumkin.
2-bob. Fuqarolarning murojaat qilish huquqi kafolatlari
13. Fuqarolarning “Mening fikrim” veb-portali orqali vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqi kafolatlanadi.
14. Murojaat qilish huquqi ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi. Hech kim biron-bir murojaatni himoya qilish yoki ularga qarshi chiqish harakatlarida ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.
15. Murojaat qilish huquqining amalga oshirilishi boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlariga zid kelmasligi kerak.
16. Murojaat qilish huquqidan foydalanishda fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab kamsitilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
17. Vakolatli davlat organlari murojaatlar koʻrib chiqilayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga rioya etishi, ularni toʻliq, xolis va oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun choralar koʻrishi, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanishini, qonuniy manfaatlari va erkinliklari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻrishi shart.
18. Murojaat qabul qilinishi va koʻrib chiqilishi shart, bundan ushbu Nizomning 2, 6 va 11-bandlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu Nizomning 8-bandi talablariga rioya etmaganlik ham murojaatni “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirishni rad etishga sabab boʻlishi mumkin.
19. Murojaat koʻrib chiqilayotganda murojaat tashabbuskorining roziligisiz uning shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlar oshkor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Murojaat tashabbuskori toʻgʻrisidagi, murojaatga taalluqli boʻlmagan maʼlumotlarni aniqlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Murojaat tashabbuskorini, uning oila aʼzolarini murojaat berilishi munosabati bilan taʼqib etish taqiqlanadi.
3-bob. Murojaatni berish va koʻrib chiqish tartibi
21. Vakolatli davlat organiga murojaat berish uchun fuqaro id.gov.uz veb-saytida roʻyxatdan oʻtadi va murojaatni “Mening fikrim” veb-portalida shakllantiradi.
22. “Mening fikrim” veb-portali murojaatni kamida besh nafar kishidan iborat guruh qoʻllab-quvvatlashi uchun ovoz yigʻish maqsadida maxsus havolani murojaat tashabbuskoriga joʻnatadi.
Qoʻllab-quvvatlovchi zarur miqdordagi ovozlar soni yigʻilgan taqdirda, murojaat ushbu Nizomning 2, 6, 8 va 11-bandlarida belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish maqsadida moderator tomonidan ekspertiza oʻtkazish uchun qabul qilinadi.
23. Moderator oʻn besh kun ichida murojaatni ekspertizadan oʻtkazadi.
Ishchi komissiya moderatorning ekspertizasidan keyin murojaatni “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirish toʻgʻrisida yoki joylashtirishni rad etish haqida qaror qabul qiladi. Ishchi komissiya oʻz ishiga ilm-fanning turli sohalaridagi mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilishga haqli.
24. Moderator murojaatning maʼnosi bir xil tushunilishini taʼminlash maqsadida toʻgʻri yozish qoidalari talablaridan kelib chiqqan holda, murojaatni turlicha talqin etish imkonini istisno etadigan tarzda uning matnini tahrir qilishga haqli.
Murojaat tashabbuskori murojaat “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirilgunga qadar uning matnini tahrir qilish natijalari haqida moderator tomonidan xabardor etiladi.
25. Murojaat Ishchi komissiyaning ijobiy qarori asosida moderator tomonidan “Mening fikrim” veb-portaliga bir ish kuni ichida joylashtiriladi.
26. Murojaatni “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirish rad etilganda murojaat tashabbuskoriga rad etish sabablari tushuntirilgan tegishli bildirish bir ish kuni ichida yuboriladi.
Moderator oʻz faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida joylashtirilishi rad etilgan murojaatlarni “Mening fikrim” veb-portaliga rad etish sabablarini tushuntirgan holda joylashtirishga haqli.
27. Murojaat “Mening fikrim” veb-portalida joylashtirilgan sana murojaat boʻyicha umumiy ovoz berish boshlangan sana deb hisoblanadi.
28. Umumiy ovoz berish murojaatning matni “Mening fikrim” veb-portalida joylashtirilgan kundan boshlab toʻqson kun ichida oʻtkaziladi.
Murojaat boʻyicha umumiy ovoz berish qoʻllab-quvvatlovchi zarur miqdordagi ovozlar soni toʻplanganidan keyin tugallangan deb hisoblanadi.
29. Murojaat boʻyicha umumiy ovoz berish “bir odam — bir ovoz” prinsipi boʻyicha oʻtkaziladi.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomiga yoʻllangan murojaat kamida oʻn mingta qoʻllab-quvvatlovchi ovozni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari nomiga yoʻllangan murojaat kamida besh mingta qoʻllab-quvvatlovchi ovozni, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari nomiga yoʻllangan murojaat kamida mingta qoʻllab-quvvatlovchi ovozni toʻplashi kerak.
31. Qoʻllab-quvvatlab berilgan zarur miqdordagi ovozlar sonini toʻplay olmagan murojaat ovoz berishni oʻtkazish muddatlari oʻtgach, qoʻllab-quvvatlanmagan deb hisoblanadi va “Mening fikrim” veb-portalining arxiviga oʻtkaziladi.
32. Qoʻllab-quvvatlab berilgan zarur miqdordagi ovozlar sonini toʻplagan murojaat moderator tomonidan keyingi ish kunidan kechiktirmay vakolatli davlat organiga yuboriladi.
33. Murojaatni koʻrib chiqish va u boʻyicha qaror qabul qilish tartibi vakolatli davlat organlarining faoliyatini tartibga soluvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
34. Vakolatli davlat organining murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha majlisiga murojaat tashabbuskori taklif etilishi mumkin.
35. Zarur miqdorda qoʻllab-quvvatlovchi ovoz toʻplagan murojaatni koʻrib chiqish va u boʻyicha qaror qabul qilish muddati murojaat vakolatli davlat organiga kelib tushgan paytdan eʼtiboran oltmish kundan oshmasligi kerak.
36. Vakolatli davlat organi tomonidan murojaatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror moderator tomonidan “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
37. Murojaatni berish va koʻrib chiqish chogʻida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
38. Ushbu Nizom normalarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2019-yil 2-fevralda qabul qilingan 2310-III/KQ-503-III-sonli Qoʻshma qaroriga 2-ILOVA
Ishchi komissiya
TARKIBI
Ishchi komissiya raisi BAFAYEV Shuxrat Gafurovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Komissiya aʼzolari KADIRXANOVA Malika Akbarovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi BOQIYEV Farxod Esanovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari HAMIDULLAYEV Sanjar Asatulayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi aʼzosi ATODJONOV Djumonozor Azodovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi RAXMONOVA Umida Erkinovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi aʼzosi DONIYOROV Shoxrux Baxtiyorovich — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yuridik taʼminlash boshqarmasi Bosh mutaxassisi (kelishuv asosida) TURAYEV Doniyor Baxtiyorovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori oʻrinbosari TESHABOYEV Akbarshox Adxamjon oʻgʻli — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining boʻlim boshligʻi, Ishchi komissiya kotibi.
