Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (222-son)
16.03.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish tizimini umuman va uning bevosita ish amaliyoti mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma deb ataladi) onlayn tartibida faoliyat yurituvchi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligining majburiy sugʻurta qilish boʻyicha yagona axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — yagona axborot tizimi deb ataladi) ishlab chiqish va joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Jamgʻarma:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda sugʻurta siri toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablarga qatʼiy rioya qilgan holda idoralararo elektron bogʻlanish tizimi boʻyicha texnik topshiriqni ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;
uch oy muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimlari va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari, jismoniy va yuridik shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasi bilan integratsiyalashuvini hisobga olgan holda yagona axborot tizimi joriy etilishini taʼminlasin.
3. Belgilansinki:
yagona axborot tizimini yaratishni moliyalashtirish manbai Jamgʻarma mablagʻlari hisoblanadi;
majburiy sugʻurta boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi sugʻurta tashkilotlari majburiy sugʻurta boʻyicha ishonchli maʼlumotlar yagona axborot tizimiga oʻz vaqtida kiritilishini Jamgʻarma bilan tuzilgan, shu jumladan sugʻurta tashkilotlarining ushbu majburiyatni bajarmaslik oqibatida kelib chiqadigan javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi kelishuv shartlariga asosan taʼminlaydilar.
4. Ushbu qaror kuchga kirgan kundan boshlab majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta polislarining yangi namunadagi blankalari muomalaga kiritilsin.
Bunda ilgari berilgan muomaladagi majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta polislarining amal qilish muddati tugagunga qadar haqiqiy hisoblanadi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2008-yil 24-iyundagi 141-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 6-son, 32-modda) 1-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi va majburiy sugʻurta boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi sugʻurta tashkilotlari bilan birgalikda ushbu qarorning mohiyati va ahamiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-mart,
222-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-martdagi 222-son qaroriga 1-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2008-yil 24-iyundagi 141-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Quyidagilar:
1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish (keyingi oʻrinlarda majburiy sugʻurta qilish deb ataladi) boʻyicha sugʻurta puli — 40 million soʻm miqdorda;
kompensatsiya toʻlovi — jabrlanuvchi ishtirokidagi yoʻl-transport hodisasi kunida belgilangan sugʻurta summasidan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilansin”.
2. 1-ilovada:
a) quyidagi mazmundagi 31 band qoʻshilsin:
“31. Jamgʻarmaning nomi:
davlat tilida:
toʻliq nomi — “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi”;
qisqartirilgan nomi — “Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasi”;
ingliz tilida:
toʻliq nomi — “The Fund of guaranteeing payments on compulsory insurance of civil liability of vehicle owners”;
qisqartirilgan nomi — “Fund of guaranteeing insurance payments”;
rus tilida:
toʻliq nomi — “Fond garantirovaniya viplat po obyazatelnomu straxovaniyu grajdanskoy otvetstvennosti vladelsev transportnix sredstv”;
qisqartirilgan nomi — “Fond garantirovaniya straxovix viplat”;
b) 4-bandning birinchi jumlasi chiqarib tashlansin;
v) 20-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“20. Jamgʻarma bilan yozma bitim tuzish uchun sugʻurtalovchi Jamgʻarmaga ariza, belgilangan miqdorda bir yoʻla toʻlanadigan badal toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov topshiriqnomasi nusxasini taqdim etishi shart”.
g) 31-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“31. Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi uning Direksiyasi hisoblanadi. Direksiya joriy rahbarlikni amalga oshiradi va Jamgʻarma faoliyati uchun javob beradi. Jamgʻarma direksiyasining tuzilmasi va Jamgʻarma xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Jamgʻarma direksiyasiga Jamgʻarma kuzatuv kengashi tomonidan tayinlanadigan direktor boshchilik qiladi”.
d) 32-bandda:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan qoʻshilsin:
“maxsus vakolatli organ bilan kelishgan holda sugʻurtalovchi bilan Jamgʻarma oʻrtasida tuzilgan aʼzolik bitimi amal qilishini tugatish zarurligi toʻgʻrisida kuzatuv kengashiga taklif kiritadi”;
beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
e) 36-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Daromadlar va xarajatlarning yillik prognozlari, shu jumladan, Jamgʻarmaning xarajatlar smetasi kuzatuv kengashi tomonidan kelgusi yilning 10-fevraliga qadar tasdiqlanadi”;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Bunda Jamgʻarmaning xarajatlar smetasi tasdiqlangunga qadar xarajatlar summasi oldingi moliya yilining oxirgi choragidagi xarajatlar summasidan oshib ketmasligi kerak va qonunchilikda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun xarajatlar summasi hisobga olingan holda tuzatish kiritilishi mumkin.”;
j) 37-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. 3-ilova matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasi direksiyasining tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 19 shtat birligi.
Jamgʻarma Kuzatuv kengashi zarur hollarda boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Jamgʻarma direksiyasi tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.”.
4. 4-ilova:
a) 11-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Sugʻurta polisi va maxsus davlat belgisi blankasi qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, ular hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlikning kamida 4 ta darajasiga ega boʻlishi kerak. Sugʻurta polisi va maxsus davlat belgisi blankalari sugʻurtalovchining buyurtmasi boʻyicha “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida, ushbu Qoidalarga 1, 1a va 2-ilovalarga binoan sugʻurta polisi namunasiga hamda maxsus davlat belgisi shakliga muvofiq tayyorlanadi”.
b) 12-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Majburiy sugʻurta shartnomasini tuzish uchun sugʻurta qildiruvchi sugʻurtalovchiga ushbu Qoidalarga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha ariza-anketada koʻrsatilgan majburiy sugʻurta shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi ariza-anketani har bir transport vositasi boʻyicha taqdim etadi, shuningdek, ariza-anketa maʼlumotlari bilan ularni solishtirish uchun quyidagi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim qiladi:”
“v” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
“d” kichik bandning ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Sugʻurtalovchi majburiy sugʻurta boʻyicha zarur maʼlumotlar yagona axborot maʼlumotlar bazasida mavjud boʻlgan taqdirda sugʻurta qildiruvchidan yuqorida qayd etilgan hujjatlarni talab etmasdan majburiy sugʻurta shartnomasini tuzishga haqlidir”.
v) 13-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan qoʻshilsin:
“Sugʻurtalovchi yagona axborot maʼlumotlar bazasidan transport vositasini boshqarishga qoʻyilgan shaxs boʻyicha majburiy sugʻurta toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish huquqiga ega”;
ikkinchi — beshinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
g) 17-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Sugʻurta qildiruvchi tomonidan avval toʻlangan sugʻurta mukofoti stavkasiga taʼsir koʻrsatmaydigan majburiy sugʻurta shartnomasini tuzishda taqdim etilgan maʼlumotlardagi oʻzgarishlar (transport vositasini boshqarishga qoʻyilgan shaxsning oʻzgarishidan tashqari) toʻgʻrisidagi arizani olgan taqdirda sugʻurtalovchi amaldagi majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta polisining “Alohida qaydlar” ustuniga oʻzgartirishlar kiritadi.
Boshqa hollarda sugʻurtalovchi tomonidan 3 ish kuni mobaynida majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta polisi va maxsus davlat belgisi qayta rasmiylashtiriladi.
Sugʻurta qildiruvchi qayta rasmiylashtirilgan majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta polisi va maxsus davlat belgisini olgan taqdirda, u ilgari berilgan majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta polisini va maxsus davlat belgisini qaytarib berishi shart. Sugʻurta qildiruvchi tomonidan qaytarib berilgan majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta polisi va maxsus davlat belgisi qayta rasmiylashtirilgan hujjatlarning ikkinchi nusxalari bilan birga sugʻurtalovchida saqlanadi”.
d) 20-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi bilan qoʻshilsin:
“Bunda sugʻurta qildiruvchiga qaytarilishi lozim boʻlgan sugʻurta mukofotining bir qismi sugʻurta qildiruvchining arizasiga muvofiq yangi tuzilgan majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti hisobiga oʻtkazilishi mumkin”;
e) 28-band quyidagi tahrirda bayon qoʻshilsin:
“28. Majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofotini hisoblash sugʻurtalovchi tomonidan majburiy sugʻurta shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi ariza-anketada sugʻurta qildiruvchi tomonidan koʻrsatilgan maʼlumotlardan, shuningdek, ushbu Qoidalarga 4-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlardan yoki sugʻurtalovchida mavjud boʻlgan, hujjatlar asosida tasdiqlangan maʼlumotlardan yoxud majburiy sugʻurta toʻgʻrisida yagona axborot bazasidan olingan maʼlumotlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi”;
j) 33-bandda:
quyidagi mazmundagi oʻn birinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Sugʻurtalovchi Toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasiga taqdim qilinadigan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va toʻliqligi uchun javob beradi”.
oʻn birinchi-oʻn ikkinchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshlar deb hisoblansin;
z) 36-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“36. Jabrlanuvchi sugʻurta toʻlovi toʻgʻrisidagi arizani sugʻurtalovchiga yoki uning filialiga yuboradi”.
i) 37-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jabrlanuvchi yoki uning merosxoʻri (agar jabrlanuvchining ahvoli mustaqil ravishda murojaat qilishga imkon bermasa, qarindoshlari yoki boshqa vakolatli vakillar) yoxud uning huquqiy vorisi sugʻurta toʻlovi toʻgʻrisidagi talab koʻrsatilgan arizani quyidagilarning asli yoki nusxalari ilova qilingan holda sugʻurtalovchiga yoki uning filialiga yuboradi:”
k) Qoidalarga 1-ilova matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
l) Qoidalarga 1a-ilova qoʻshilsin:
m) Qoidalarga 2-ilova matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
n) Qoidalarga 5-ilovaning 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8 va 9 bandlari quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tariflarining yillik bazaviy stavkasi miqdori (sugʻurta summasining belgilangan miqdoriga nisbatan foizlarda).
2. Transport vositasidan koʻp foydalaniladigan hududga (roʻyxatdan oʻtkazish joyiga) koʻra sugʻurta tariflari koeffitsiyenti.
Izoh. Chet davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtinchalik foydalanilayotgan transport vositalari egalari bilan majburiy sugʻurta shartnomasi tuzilganda KT — 1,4 koeffitsiyenti belgilanadi.
3. Transport vositasini boshqarishga qoʻyilgan shaxslar soni cheklanmagan holda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta qilishda sugʻurta tariflari koeffitsiyenti — KBO (3)”
4. Oldingi davrlarda sugʻurta hodisalari sodir boʻlganligi yoki sodir boʻlmaganligiga qarab sugʻurta tariflari koeffitsiyenti.
Izohlar:
1) Birinchi marta, shuningdek oldingi majburiy sugʻurta shartnomasi amal qilish davrida sugʻurta hodisalari boʻlmasa majburiy sugʻurta shartnomasi tuzishda sugʻurta qildiruvchiga (transport vositasi egasiga) birga teng boʻlgan koeffitsiyent belgilanadi;
2) Agar transport vositasini boshqarishga bir necha shaxsga ruxsat berilgan boʻlsa, transport vositasini boshqarishga qoʻyilgan shaxslardan biriga muvofiq boʻlgan eng yuqori koeffitsiyent qoʻllaniladi.
5. Haydovchining stajiga koʻra sugʻurta tariflari koeffitsiyenti.
6. Transport vositasidan mavsumiy foydalanishga koʻra sugʻurta tariflari koeffitsiyenti.
Izoh. Keyingi qayd qilish joyigacha transport vositalari egalari uchun sugʻurta muddati 20 kungachani tashkil etadi. Bunday hollarda KP — 0,2 koeffitsiyent qoʻllaniladi.
7. Xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha foydalanilayotgan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishda sugʻurta qilish muddatiga bogʻliq ravishda sugʻurta tariflari koeffitsiyenti.
8. Qoida buzishlar mavjudligi koeffitsiyenti.
Sugʻurta qildiruvchida (transport vositasini boshqarishga qoʻyilgan boshqa shaxslarda) oxirgi 5 yilda quyida keltiriladigan qoida buzishlar sodir etilganda KN — 1,0 koeffitsiyenti qoʻllanadi:
— oʻtgan davrlarda sugʻurtalovchi soʻragan holatlar toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchi tomonidan maʼlumotlar qasddan buzib koʻrsatilganligi, bu toʻgʻri maʼlumotlar xabar berilgan taqdirda toʻlanishi kerak boʻlgan summaga nisbatan kamroq summada sugʻurta mukofoti toʻlanishiga olib kelganligi faktlarining mavjudligi;
— oʻtgan davrlarda sugʻurta qildiruvchi (majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha fuqarolik javobgarligi sugʻurta qilingan boshqa shaxs) tomonidan sugʻurta hodisasi sodir boʻlishiga, shuningdek yetkazilgan zarar miqdori oshishiga ataylab koʻmaklashishga yoki sugʻurta toʻlovini koʻpaytirish maqsadida sugʻurta hodisasi sodir boʻlishi holatlarini qasddan buzib koʻrsatishga yoʻl qoʻyilishi;
— oʻtgan davrlarda regress talabi qoʻyilishiga asos boʻlgan holatlarda sugʻurta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qilingan boshqa shaxs) tomonidan zarar yetkazish faktlarining mavjudligi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qoida buzishlar mavjud boʻlmagan taqdirda KN — 1,0 koeffitsiyenti qoʻllanadi.
9. Haydovchining yoshiga koʻra sugʻurta tariflari koeffitsiyenti.
”.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-martdagi 222-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida boʻlishining qoʻshimcha shartlari toʻgʻrisida” 2000-yil 12-yanvardagi 11-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 1-son, 3-modda);
2. Vazirlar Mahkamasining “Tojikiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi avtotransport vositalari haydovchilarining uchinchi shaxslar oldida Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik javobgarligi toʻgʻrisida” 2000-yil 18-fevraldagi 59-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 2-son, 9-modda).
