Kartoshka, meva-sabzavot mahsulotlari va quruq mevaning xarid narxlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida (188-son)
14.04.1992
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirishdan jamoa xoʻjaliklarining, davlat xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalarining moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kartoshka, meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy turlari va quruq mevaning cheklangan xarid narxlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddat ichida yuqorida koʻrsatilgan ilovaga muvofiq yangi xarid narxlari preyskurantlarini manfaatdor vazirliklar va idoralarga yetkazsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-yanvardagi 23-son qarori bilan tasdiqlangan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini respublikadan tashqariga olib chiqib ketish tartibi asosan saqlab qolinsin.
1992-yilning 20-aprelidan boshlab korxonalar, xoʻjaliklar, tayyorlov tashkilotlari, kooperativlar, dehqon (fermer) xoʻjaliklari, ijarachilar, shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarning egalari va fuqarolar tomonidan respublikadan tashqariga olib chiqib ketiladigan qishloq xoʻjalik mahsulotlari uchun 2-ilovaga muvofiq poshlina olish joriy qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, hukumatlararo bitimlarga va bevosita oʻrnatilgan xoʻjalik aloqalariga muvofiq respublikadan tashqariga meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib beruvchi korxonalar, xoʻjaliklar va tashkilotlar poshlina toʻlashdan ozod qilinadilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq bosh boshqarmasi bir hafta muddat ichida respublikadan tashqariga olib chiqib ketiladigan meva-sabzavot mahsulotlari uchun poshlina olish miqdorlarini hisoblab chiqarish hamda toʻlash tartibini banklar va soliq inspeksiyalariga yetkazsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-yanvardagi 23-son qarorining 3-bandi (2-ilova — meva-sabzavot mahsulotlari qismi; 3-ilova), 8 va 9-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 14-aprel,
188-son
