“14-modda. Yoqilgʻi va yonilgʻi-moylash materiallariga doir talablar
“Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-529-son) · Sana: 13.03.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalaniladigan yoqilgʻi va yonilgʻi-moylash materiallarining barcha turlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan standartlar, texnik reglamentlar talablariga mos boʻlishi lozim”;
9) 18-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻsimliklarni himoya qilish vositasi, ularning oʻsishini tezlashtiruvchi omil, mineral oʻgʻit va boshqa preparatlar sifatida kimyoviy moddalarni ishlatishga qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini himoya qilish vositalarini qoʻllash reglamentiga muvofiq yoʻl qoʻyiladi”;
10) 19-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlashda, xoʻjalik va boshqa faoliyatni amalga oshirishda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ozonni buzuvchi moddalardan, tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud boʻlgan uskunalar va texnik qurilmalardan foydalanish hamda qoʻllashni tartibga solishga doir chora-tadbirlarga rioya etishi lozim.
Tarkibida ozonni buzuvchi moddalar mavjud boʻlgan buyumlardan foydalanuvchi va ularni taʼmirlovchi korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar bunday moddalar hisobga olinishini va ular ozon uchun xavfsiz moddalar bilan almashtirilishini taʼminlashi lozim.
Ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud boʻlgan mahsulotlarning importi hamda eksporti ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi”;
11) 24-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Faoliyati atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni, biologik organizmlarni, issiqxona gazlarini va ozonni buzuvchi moddalarni chiqarish hamda unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishi bilan bogʻliq boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar:
atmosfera havosiga chiqariladigan chiqindilarni tozalash va unga zararli fizikaviy taʼsirni kamaytirish uchun inshootlar, qurilmalar va asbob-uskunalardan, shuningdek ularning ustidan nazorat qilish vositalaridan foydalanish hamda ularning ishlash qoidalariga rioya etishi;
ozonni buzuvchi moddalarning hisobini yuritishi, ularning atmosfera havosiga chiqarilishiga yoʻl qoʻymasligi, retsirkulatsiyani (ularni qayta ishlatish maqsadida birlamchi tozalashni) amalga oshirishi;
