8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi vakolatlari
Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-528-son) · Sana: 11.03.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha davlat tomonidan kafolatlangan xizmatlarning hajmini belgilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi va kiritadi;
fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni taʼminlaydi;
fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash va himoya qilish tizimini rivojlantirishga hamda reproduktiv salomatlikni saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga doir chora-tadbirlarni belgilaydi;
reproduktiv salomatlikni saqlash sohasida fuqarolarning tibbiy bilimlarini va tibbiy madaniyatini yuksaltirish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib boradi;
yordamchi reproduktiv texnologiyalardan foydalanish tartibini, kafolatlangan xizmatlar, ularni qoʻllashga doir koʻrsatmalar, moneliklar va cheklovlarning roʻyxatini tasdiqlaydi;
yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qoʻllovchi tibbiyot tashkilotlarining faoliyatini tartibga soladi va nazorat qiladi;
homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatishni amalga oshirish tartibi va shartlarini, homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatish uchun tibbiy koʻrsatmalar roʻyxatini belgilaydi;
jarrohlik kontratsepsiyasini amalga oshirish tartibi va shartlarini belgilaydi.
