3-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligi
Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-528-son) · Sana: 11.03.2019 · Amalda
Fuqarolarning reproduktiv salomatligi insonning jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan sogʻlomligi holati boʻlib, bu holat uning bola tugʻilishiga qodirligini belgilaydigan reproduktiv tizimi, ushbu tizimning funksiyalari, hayotiy jarayonlari bilan bogʻliq boʻladi.
Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash:
fuqarolarning reproduktiv salomatligi toʻgʻrisida ishonchli va toʻliq axborot olishni;
homiladorlikni saqlab yurishni va bolaning asoratlarsiz hamda nuqsonlarsiz tugʻilishini taʼminlaydigan, homiladorlik, tugʻish va tugʻishdan keyingi davrdagi tadbirlar, muolajalar hamda xizmatlarni;
reproduktiv tizim kasalliklarining oldini olishni va ularni davolashni;
jinsiy yoʻl bilan oʻtadigan kasalliklarning oldini olishni va ularni davolashni;
ehtimoldagi asoratlarning va reproduktiv tizim funksiyalari buzilishi oqibatlarining oldini olishga koʻmaklashgan holda homiladorlikni xavfsiz ravishda sunʼiy toʻxtatishni;
kontratsepsiya usullari va ulardan foydalanish toʻgʻrisida axborot olishni nazarda tutadi.
