19-modda. Yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qoʻllashda shifokorlik sirini va axborotning maxfiyligini saqlash
Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-528-son) · Sana: 11.03.2019 · Amalda
Yordamchi reproduktiv texnologiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi, shuningdek yordamchi reproduktiv texnologiyalar dasturlari ishtirokchilarining shaxsi haqidagi maʼlumotlar shifokorlik sirini tashkil etadi va ular toʻgʻrisidagi axborot maxfiy boʻlishi kerak.
Shifokorlik sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar oʻqish chogʻida, kasbiy, xizmat vazifalarini va boshqa vazifalarni bajarish chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan shaxslar tomonidan ushbu maʼlumotlarni fuqaroning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan hollar mustasno.
Shifokorlik sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni fuqaroning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz taqdim etishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
oʻzining holatiga koʻra oʻz xohish-irodasini bildirishga qodir boʻlmagan fuqaroni tekshiruvdan oʻtkazish va davolash maqsadida;
yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi boʻlganda;
tergov yoki sud muhokamasi oʻtkazilishi munosabati bilan surishtiruv, tergov va prokuratura organlarining, shuningdek sudning soʻrovlariga binoan.
