16-modda. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha profilaktika chora-tadbirlari
Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-528-son) · Sana: 11.03.2019 · Amalda
Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha profilaktika chora-tadbirlari quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
fuqarolarning reproduktiv salomatligi buzilishi xavfini, shu jumladan atrof-muhit va ishlab chiqarish omillarini aniqlash;
reproduktiv salomatlik sohasidagi buzilishlarni aniqlash va davolash maqsadida fuqarolarning majburiy profilaktika tibbiy koʻriklarini (dastlabki va davriy) oʻtkazish;
reproduktiv yoshdagi fuqarolarni va homilador ayollarni reproduktiv salomatlikning buzilishi xavfi hamda uning reabilitatsiyasi haqida xabardor qilish;
fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash boʻyicha taʼlim dasturlarini va ilmiy dasturlarni ommaviy axborot vositalari orqali yoritish;
fuqarolarni sogʻlom turmush tarzini yuritishga va profilaktika tadbirlarida ishtirok etishga ragʻbatlantirish tizimini yaratish, birinchi navbatda, fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash va mustahkamlashga koʻmaklashuvchi hayot tarzini va uslubini ommalashtirish orqali yaratish;
ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarning, reproduktiv tizim aʼzolari kasalliklarining rivojlanishiga doir xavf guruhlarini ajratgan holda aholini, shu jumladan bolalar va oʻsmirlarni dispanserizatsiyadan oʻtkazish hamda yakka tartibdagi profilaktika dasturlarini ishlab chiqish;
fuqarolarga tibbiy-genetik yordamni takomillashtirish, homiladagi nuqsonlarga erta tashxis qoʻyish uchun yangi perinatal texnologiyalarni joriy etish.
