Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-4235-son)
07.03.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, mehnat huquqini kafolatlash va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining vazifalari qayta koʻrib chiqildi, tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitalari tuzilmasida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etildi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy boʻlinmalari, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etildi, shuningdek, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etildi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlarini qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlash, tadbirkorlik sohasida samarali faoliyat yuritish mexanizmlarini yaratishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud.
Jumladan, uzoq muddat bola parvarishlash bilan band boʻlgan ayollarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha qayta tayyorlash borasidagi ishlar yetarlicha tashkil etilmagan.
Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash, mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2019-yil 1-maydan:
ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilinadi;
tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sogʻligʻiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan soha yoki kasblar roʻyxati tasdiqlanadi;
bola parvarishlash taʼtilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qoʻshimcha bir oy nafaqa toʻlanadigan bola parvarishlash taʼtili beriladi;
ikki yoshga toʻlmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;
ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi;
erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.
2. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitalari koʻmagida nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega boʻlgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari”ni (keyingi oʻrinlarda markazlar deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Quyidagilarni markazlarning asosiy vazifalari etib belgilash tavsiya etilsin:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash taʼtilida boʻlgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar boʻyicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga koʻmaklashish;
tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish;
ayollarning oʻz biznesini tashkil etish va yuritish koʻnikmalarini shakllantirish, biznes gʻoyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qoʻllash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitishni tashkil etish;
zarur hollarda, faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi boʻsh turgan binolardan joy ajratilishiga koʻmaklashish;
tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam koʻrsatish, shu jumladan, ishonchli hamkorlarni topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda koʻmaklashish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga koʻmaklashish;
norasmiy faoliyat yuritayotgan hunarmand ayollarga roʻyxatdan oʻtish, “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam koʻrsatish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi;
markazlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va asosiy vazifalari amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga tijorat banklariga kredit ajratish uchun berilgan resurslardan hisoblangan foizdan kelib tushgan mablagʻlar (bank marjasidan tashqari) hamda xalqaro tashkilotlar grantlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimi tomonidan shakllantiriladigan roʻyxat asosida maxsus oʻqitish dasturi boʻyicha oʻqitiladi;
maxsus oʻqitish dasturlarini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimi tavsiyasiga koʻra tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 3 yildan kam boʻlmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan 2019-yil 31-dekabrgacha yillik 8 foizli stavkada, 2020-yil 1-yanvardan — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida, 2021-yil 1-yanvardan esa tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda hamda hududlarda aholi bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartibi asosida kreditlar ajratiladi;
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB hamda “Agrobank” ATBga har yili ajratiladigan 100 milliard soʻm miqdoridagi resurs mablagʻlari kredit mablagʻlarining manbai boʻlib hisoblanadi. Mazkur resurs mablagʻlarining kamida 50 foizi qishloq joylarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bir oy muddatda kredit olish uchun tavsiya berish jarayonini adolatli va shaffofligini taʼminlovchi tartibni tasdiqlasin.
Tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda oʻrnatiladigan stavkalarda beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarning bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qoʻllaniladi.
7. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
gender tenglik tushunchasi va turlari;
vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;
davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilish yoki yollash, kredit olish va tadbirkorlik bilan shugʻullanishda gender tenglikni taʼminlashga oid normalar;
gender tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek bunday buzilishga olib keladigan qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;
b) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
maishiy, ish joyidagi va taʼlim muassasalaridagi tazyiq va zoʻravonliklar turlari;
vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;
tazyiq va zoʻravonliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;
sudgacha va sud jarayonida tazyiq va kamsitishlarga duchor boʻlgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan protsessual kafolatlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Xotin-qizlar qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Markaziy bank, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2-ilovaga muvofiq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan minimal gender koʻrsatkichlar va boshqa maʼlumotlarning “Gender.stat.uz” veb-saytiga joylashtirilishini va maʼlumotlarni doimiy ravishda yangilanib borilishini taʼminlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda markazlarni barcha sharoitlarga ega boʻlgan xizmat xonalari bilan taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlarini xotin-qizlarning mehnat va tadbirkorlik huquqlari kamsitilishi holatlari mavjudligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilib, tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi E.I. Basitxanova zimmasiga ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtirish yuzasidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzoqov zimmasiga Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya bilan hamkorlikda ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar va loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlari, birinchi navbatda, ayollarni qoʻllab-quvvatlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning texnik koʻmak vositalari va kreditlarini jalb qilish boʻyicha doimiy va tizimli ravishda zarur tashkiliy-amaliy choralar koʻrish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T.K. Narbayeva va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 7-mart,
PQ-4235-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PQ-4235-son qaroriga 2-ILOVA
“Gender.stat.uz” veb-saytiga joylashtirilishi lozim boʻlgan minimal gender koʻrsatkichlar va boshqa maʼlumotlar
ROʻYXATI
T/rKoʻrsatkichlar nomlanishiMaʼlumotlarni shakllantirish uchun masʼul organ1.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida haq toʻlanmaydigan uy ishlarini bajarishda sarflangan oʻrtacha soatlar soni(imkoniyat boʻlganida, uy ishlarida va bolalarni parvarish uchun sarflangan vaqt alohida koʻrsatilsin)Milliy statistika qoʻmitasi2.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida birgalikda haq toʻlanadigan va haq toʻlanmaydigan uy ishlari uchun sarflangan oʻrtacha soatlar soni (yuklamaning umumiy hajmi)Milliy statistika qoʻmitasi3.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida 15 — 24 yosh, 15 yosh hamda undan katta yoshdagilarning (15 +) ishchi kuchida ishtiroki koeffitsiyentiBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi4.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida band boʻlganlar umumiy sonida oʻzini-oʻzi band qilganlarning ulushiBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi5.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida ishchilar tarkibidan band boʻlganlar ulushi, oilaviy biznesiga daromad olib kelayotganlarBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi6.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida ish beruvchilar tarkibidan band boʻlganlar ulushiMilliy statistika qoʻmitasi7.Ayollar egalik qilayotgan firmalar foiziAdliya vazirligi8.Xotin-qizlar va erkaklarning sektorlar kesimida bandlik foizi(sektorlar deb, qishloq xoʻjaligi, sanoat, xizmat koʻrsatish kabi sohalar tushuniladi)Milliy statistika qoʻmitasi9.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida qishloq xoʻjaligida band boʻlmaganlar soniga nisbatan norasmiy sektorda band boʻlganlar foiz hisobidaBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi10.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida 15 — 24 yoshlilar oʻrtasida yoshlar ishsizligi koeffitsiyentiBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi11.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida kreditlarni olish imkoniyatiga ega boʻlgan aholi soniMilliy statistika qoʻmitasi12.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida yer mulkiga ega boʻlgan katta yoshli aholi soniDavergeodezkadastr qoʻmitasi13.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida haq toʻlashdagi farqMilliy statistika qoʻmitasi14.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida band boʻlganlar sonidan toʻliq band boʻlmaganlar ulushiBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi15.25 — 49 yoshlilar 3 yoshgacha boʻlgan farzandi bilan va farzandsiz uy xoʻjaligida yashayotgan kishilar orasidagi bandlik koeffitsiyentiBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi16.Tarbiyasi sustkashlik bilan olib borilayotgan 3 yoshga toʻlmagan bolalar soni.Milliy statistika qoʻmitasi17.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida internetdan foydalanayotgan shaxslar ulushiMilliy statistika qoʻmitasi18.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida mobil/uyali aloqa vositalaridan foydalanayotganlar ulushiMilliy statistika qoʻmitasi19.Ommaviy axborot vositalaridan (radio, televideniye, internet) foydalanayotgan uy xoʻjaliklari ulushi, uy xoʻjaliklari boshligʻi Xotin-qizlar va erkaklar kesimidaMilliy statistika qoʻmitasi20.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida yoshlar savodxonligi darajasi (15 — 24 yoshlilar orasida)Milliy statistika qoʻmitasi21.Oʻgʻil bolalar va qizlar kesimida boshlangʻich taʼlim bilan qamrab olinganlarning aniqlashtirilgan koeffitsiyentiMilliy statistika qoʻmitasi22.Oʻgʻil bolalar va qizlar kesimida oʻrta taʼlim bilan qamrab olish umumiy koeffitsiyentiMilliy statistika qoʻmitasi23.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida maktabdan keyingi taʼlim bilan qamrab olish umumiy koeffitsiyentiMilliy statistika qoʻmitasi24.Boshlangʻich, oʻrta, maktabdan keyingi taʼlim bilan qamrab olish darajasi boʻyicha gender tengligi indeksiMilliy statistika qoʻmitasi25.Fan, muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish sohalari bitiruvchilari orasida ayollar ulushiMilliy statistika qoʻmitasi26.Maktabdan keyingi taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari tarkibida ayollarning ulushiMilliy statistika qoʻmitasi27.Oʻgʻil bolalar va qiz bolalar kesimida boshlangʻich taʼlimning 1-sinfiga qabul qilinganlarning aniqlashtirilgan koeffitsiyentiMilliy statistika qoʻmitasi28.Oʻgʻil bolalar va qiz bolalar kesimida boshlangʻich taʼlimni tugatganlik koeffitsiyentiMilliy statistika qoʻmitasi29.Oʻgʻil bolalar va qiz bolalar kesimida oʻrta taʼlimning birinchi bosqich bitiruvchilarning umumiy koeffitsiyentiMilliy statistika qoʻmitasi30.Oʻgʻil bolalar va qiz bolalar kesimida boshlangʻich taʼlimdan taʼlimning oʻrta boʻgʻiniga oʻtish koeffitsiyenti (umumiy dasturlar)Milliy statistika qoʻmitasi31.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida 25 yosh va undan kattalar taʼlim olganligi darajasiMilliy statistika qoʻmitasi32.15 — 49 yoshli turmushga chiqqan ayollar hamda ittifoqda yashayotgan ayollar orasida kontratseptik vositalaridan keng foydalanilganlik koʻrsatkichi (%)Milliy statistika qoʻmitasi33.Oʻgʻil bolalar va qiz bolalar kesimida 5 yoshga toʻlmagan bolalar oʻlimi (holatlar soni)Milliy statistika qoʻmitasi34.Onalar oʻlimi koeffitsiyentiMilliy statistika qoʻmitasi35.Perenatal parvarishlash/xizmat koʻrsatish doirasi (%)Sogʻliqni saqlash vazirligi36.Malakali tibbiyot xodimlari tomonidan parvarish qilingan tugʻilishlar soniSogʻliqni saqlash vazirligi37.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida 15 yoshlilar va undan kattalar oʻrtasida tamaki mahsulotlarni isteʼmol qilish tarqalganligi (%)Milliy statistika qoʻmitasi38.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida ortiqcha vazn (semizlikdan) aziyat chekayotgan katta yoshlilar ulushiMilliy statistika qoʻmitasi39.15 — 49 yoshlilar orasida OIV/OITS tashxisi bilan kasallangan ayollar ulushi (soni)OITS markazi40.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida retroviruslarga qarshi davolanayotganlar soniOITS markazi41.Xotin-qizlar va erkaklar kesimida 60 — 64 yoshlilar oʻrtacha umr koʻrishi ehtimoli yuqori boʻlganlar (%)Milliy statistika qoʻmitasi42.Yoshi kattalarning vafot etishi (sabablar va yosh boʻyicha toifalari kesimida)Milliy statistika qoʻmitasi43.Vazir (vazirga tenglashtirilgan) lavozimlarda faoliyat koʻrsatayotgan ayollar ulushiOʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi44.Milliy Parlamentda ayollar egallagan lavozimlar (deputatlik oʻrinlari) ulushiMarkaziy saylov komissiyasi45.Boshqaruv lavozimlarida faoliyat koʻrsatayotgan ayollar ulushiMilliy statistika qoʻmitasi46.Ichki ishlar xodimlari sonidan ayollar ulushiIchki ishlar vazirligi47.Sudyalar orasida ayollar ulushiOliy sud48.Jinsiy sherigi boʻlgan, shuningdek soʻnggi 12 oyi davomida amaldagi yoki oldingi jinsiy sheriklari tomonidan jinsiy va/yoki jismoniy zoʻrlanishga duchor boʻlgan (15 — 49 yoshdagilar) ayollar ulushiIchki ishlar vazirligi49.Yaqin sherik hisoblanmagan shaxslar tomonidan jinsiy zoʻrlanishga duchor boʻlgan ayollar, 15 yoshli va undan kattalar (15 — 49 yoshdagi ayollar) ulushiIchki ishlar vazirligi50.Ayollarning jinsiy organlarida mayib (majruh) qiluvchi operatsiyalar tarqalgani / kesishlarSogʻliqni saqlash vazirligi51.20 — 24 yoshda turmush qurgan ayollar sonidan 18 yoshga toʻlmasdan qonuniy yoki noqonuniy turmush qurgan ayollar ulushiMilliy statistika qoʻmitasi52.Oʻsmir qizlar orasida erta tugʻruqlar foiziMilliy statistika qoʻmitasi53.Homiladorlik va tugʻish taʼtillari davomida nafaqa olgan fuqarolar soniBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi54.Homiladorlik va tugʻish nafaqalar manbalari toʻgʻrisida maʼlumotlarBandlik va mehnat munosabatlari vazirligi,Moliya vazirligi
Izoh: “Gender.stat.uz” veb-saytiga joylashtirilishi lozim boʻlgan koʻrsatkichlar Milliy statistika qoʻmitasiga taqdim qilinadi.
