“81-modda. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqish
Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning masʼuliyati kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-527-son) · Sana: 05.03.2019 · Amalda
Bosh vazir hukumat aʼzolari bilan birgalikda har chorakda Oliy Majlis palatalariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
Fraksiyalar, deputatlar guruhlari, Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalari Vazirlar Mahkamasining hisobotini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi hamda Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida majburiy ravishda va har tomonlama muhokama qilinishi lozim boʻlgan fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi.
Qonunchilik palatasi, Senat Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qaror qabul qiladi, qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturini bajarish boʻyicha hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni oʻz ichiga olishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qabul qilingan Qonunchilik palatasi, Senat qarori Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi”.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
9-modda. Ushbu Qonun 2019-yil 1-apreldan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-mart,
OʻRQ-527-son
