Tumanda qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnika, shuningdek mashina traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (71-Қ-son)
23.01.2018
Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-dekabrdagi “Qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, asbob-uskunalarni hisobga olish va ularning texnik holatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 345-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 50-son, 559-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 25-aprelda 2452-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 17-son, 229-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida tumandagi qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlari asbob-uskunalarini (bundan buyon matnda texnika deb yuritiladi) yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish maqsadida, qaror qilaman:
1. “Davtexnazorat” inspeksiyasining qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha davlat inspektori (M. Urunov) tumandagi traktorlar, traktor tirkamalari, yoʻl-qurilish va meliorativ texnika, oʻziyurar mashinalarini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazib, doimiy roʻyxatdan oʻtgan texnikalarni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish ishlarini tashkillashtirsin.
2. “Davtexnazorat” inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtgan texnikalar yilda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun eng kam oylik ish haqi miqdoridan:
traktorlar, traktor tirkamalari, meliorativ texnika va oʻziyurar mashinalarga — 0,18;
qishloq xoʻjaligi mashinalariga — 0,10;
mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalariga — 0,37 miqdorda yigʻimlar undirilsin.
Texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat, texnika doimiy roʻyxatdan oʻtgan joydagi davlat inspektoriga taqdim etiladi. Texnikani qayta koʻrikdan oʻtkazish uchun mulkdordan yigʻim undirilmaydi.
3. Texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi ish rejasi 1-ilovaga*;
texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiyaning tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
4. Texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiya raisi, davlat inspektori (M. Urunov):
texnikaga mulk huquqi asosida ega shaxslar (mulkdor)ga texnikalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi bildirishnomani texnik koʻrik oʻtkazish kunidan kamida oʻttiz kun oldin yuborilishini;
texnik koʻrikdan oʻtmagan yoki texnik koʻrikka taqdim etilmagan texnikalar yuzasidan mulkdorga yozma koʻrsatmalar berilishini;
mulkdor koʻrsatmada belgilangan muddatda texnikani qayta texnik koʻrikdan oʻtkazmagan taqdirda hamda qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnika, asbob-uskunalardan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, saqlash, hisobdan chiqarish, taʼmirlash, texnika xizmatlari koʻrsatish holatlari haqidagi maʼlumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli choralarni koʻrish uchun tuman hokimligiga yuborilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qaror “Nurobod” gazetasida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2017-yil 20-yanvardagi 79-q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
7. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamga qoldiraman.
Hokim F. ZAIROV
Nurobod t.,
2018-yil 23-yanvar,
71-Q-son
