3-modda. Asosiy tushunchalar
Urugʻchilik toʻgʻrisida (O‘RQ-521-son) · Sana: 16.02.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aprobatsiya — oʻsimliklarning genetik (nav) jihatdan sofligini, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligini, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligini va ekish uchun moʻljallangan urugʻliklarning umumiy holatini aniqlash uchun dalada oʻtkaziladigan tekshiruv;
duragay urugʻliklar — irsiyati har xil navlar, turlar va turkumdoshlarni chatishtirishdan olingan urugʻliklar;
original urugʻliklar — nav muallifi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan yetishtirilgan va keyinchalik koʻpaytirish uchun moʻljallangan urugʻliklar;
patent egasi (litsenziar) — seleksiya naviga va (yoki) duragay urugʻliklarga boʻlgan mulk huquqini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
populyatsiya — bir xil tuproq-iqlim sharoitida tarqalgan va bir turga mansub boʻlgan, erkin chatishadigan (irsiy jihatdan bir-biridan farqlanadigan) oʻsimliklar majmui;
reproduksion urugʻliklar — elita urugʻliklardan olinadigan keyingi avlod urugʻliklari;
urugʻliklar — ekish uchun foydalaniladigan urugʻlar, mevalar, oʻsimlikning vegetativ yoʻl bilan koʻpaytiriladigan qismlari;
urugʻliklarning genetik (nav) sifati — muayyan nav urugʻligining genetik jihatdan sofligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;
urugʻliklarning ekinboplik sifati — urugʻliklarning ekish uchun yaroqliligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar majmui;
urugʻliklar toʻdasi — kelib chiqishi va sifati boʻyicha bir xil boʻlgan urugʻliklarning muayyan miqdori;
urugʻchilik — urugʻliklarni yetishtirish, saqlash, realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish, shuningdek urugʻliklarning genetik (nav) va ekinboplik sifatlarini aniqlash boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlar bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat;
elita urugʻliklar — original urugʻliklarni izchil koʻpaytirish yoʻli bilan olingan urugʻliklar.
