28-modda. Urugʻliklarni olib kirish va olib chiqish
Urugʻchilik toʻgʻrisida (O‘RQ-521-son) · Sana: 16.02.2019 · Amalda
Urugʻliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga quyidagi shartlar asosida yoʻl qoʻyiladi, agar:
paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻliklari Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilgan nav va duragay jumlasidan boʻlsa;
urugʻliklarning muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati, shuningdek karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlsa;
urugʻliklar seleksiya va tadqiqot ishlari, koʻrgazmaga qoʻyish uchun moʻljallangan boʻlsa.
Urugʻliklarni (bundan paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻliklari mustasno) olib kirish chogʻida akkreditatsiya boʻyicha xalqaro tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy laboratoriyalar oʻtkazgan sinovlarning natijalari sinov chogʻida qoʻllanilgan talablar Oʻzbekiston Respublikasida amal qilayotgan shunga oʻxshash talablardan past boʻlmagan hollarda tan olinadi.
Ilmiy maqsadlarda va navni sinash uchun olib kirilayotgan hamda olib chiqilayotgan urugʻliklar uchun bojxona boji undirilmaydi va ular kvotalanmaydi hamda litsenziyalanmaydi.
Paxta chigitini va boshoqli don ekinlarining urugʻliklarini olib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini olib chiqish uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi lozim boʻlgan urugʻliklarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmalari tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikati ilova qilinadi.
