26-modda. Urugʻliklarni realizatsiya qilish
Urugʻchilik toʻgʻrisida (O‘RQ-521-son) · Sana: 16.02.2019 · Amalda
Urugʻliklarni realizatsiya qilishga ularning genetik (nav) va ekinboplik sifatlari koʻrsatilgan muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Kimyoviy yoki biologik ishlov berilgan urugʻliklar urugʻliklarning isteʼmolchisiga (urugʻliklardan foydalanuvchiga) yoki savdo tarmogʻiga faqat qadoqlangan tarzda yetkazib beriladi. Har bir qadoqda ishlov berish turi koʻrsatilgan yorliq va xavfsizlik chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma boʻlishi kerak.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarining quyidagi urugʻliklaridan ekish (oʻtqazish) uchun foydalanish va ushbu urugʻliklarni ekish (oʻtqazish) uchun realizatsiya qilish taqiqlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritilmagan paxta chigiti navlari va duragaylarining, boshoqli don ekinlari hamda kartoshka navlari va duragaylarining urugʻliklari;
oʻsimliklar karantini obyektlari bilan zararlangan urugʻliklar;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq kelmaydigan urugʻliklar.
Yangi va istiqbolli navlarning urugʻliklariga boʻlgan talabdan kelib chiqqan holda, shuningdek ularning sifati boʻyicha muvofiqlik sertifikati yoki tahlil natijasi mavjud boʻlgan taqdirda, paxta chigiti, boshoqli don ekinlari va kartoshka urugʻliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining yoki uning vakolatli organining ruxsati bilan realizatsiya qilinishi mumkin.
Muomalaga kiritilayotgan urugʻliklar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq tamgʻalangan va qadoqlangan boʻlishi kerak.
Xorijiy mamlakatlardan olib kirilayotgan va karantin obyektlari hamda oʻta xavfli zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlar keng tarqalgan zonalarda yetishtirilgan urugʻliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish taqiqlanadi.
