19-modda. Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasi
Urugʻchilik toʻgʻrisida (O‘RQ-521-son) · Sana: 16.02.2019 · Amalda
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy organlarining, shuningdek tegishli tayyorlov hamda taʼminot tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning qoʻshma qarori bilan tuziladigan tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasi oʻsimliklarning genetik (nav) jihatdan sofligining, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligining, kasalliklarga chalingan-chalinmaganligining va urugʻliklar umumiy holatining dalada oʻtkaziladigan tekshiruvi orqali amalga oshiriladi.
Urugʻlik yetishtirish uchun foydalaniladigan urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasini oʻtkazish natijalariga koʻra tuman aprobatsiya komissiyalari tomonidan manfaatdor tashkilotlarga va jismoniy shaxslarga aprobatsiya dalolatnomasi beriladi.
Urugʻlik yetishtiruvchilar shaxsiy foydalanishdagi urugʻlik ekinlarning aprobatsiyasini aprobatsiya dalolatnomasini rasmiylashtirgan holda oʻtkazishga haqli.
