17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlari xodimlarining huquqlari
Urugʻchilik toʻgʻrisida (O‘RQ-521-son) · Sana: 16.02.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi organlarining xodimlari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
urugʻliklarning sifat koʻrsatkichlari toʻgʻriligini va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida zarur tahlillar oʻtkazish uchun urugʻliklarning namunalarini tanlab olish;
urugʻliklarning muhofaza qilinadigan navlaridan qonunga zid ravishda foydalanilishini taqiqlash;
har qanday urugʻlik yetishtiruvchining, urugʻliklarni realizatsiya qiluvchining va urugʻliklar isteʼmolchisining (urugʻliklardan foydalanuvchining) hududiga kirish;
urugʻchilik dalalariga hamda urugʻliklarning toʻdalariga doir zarur axborot, hujjatlar va namunalarni olish;
urugʻliklarni qonunchilikni buzgan holda yetishtirishni, saqlashni, realizatsiya qilishni toʻxtatib qoʻyish yoki taqiqlash;
muvofiqlik sertifikati va fitosanitariya sertifikati yoki karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan urugʻliklar toʻdalarining tashilishini taqiqlash;
muvofiqlik sertifikati, fitosanitariya sertifikati yoki karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan urugʻliklarning Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
qishloq xoʻjaligi ekinlarining navlarini yangilash va joylashtirish tartibini buzganlik uchun xoʻjaliklar rahbarlari hamda boshqa masʼul shaxslarga nisbatan choralar belgilash.
