Tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (131-son)
15.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer xoʻjaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari koʻrsatishni takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-iyuldagi PQ-3824-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari (keyingi oʻrinlarda markazlar deb ataladi) tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, markazlar:
tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari aʼzosi hisoblanadigan, davlat xaridlari uchun paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga bepul konsalting xizmatlari koʻrsatadi;
tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining taklifiga koʻra moliyaviy resurslari cheklangan va buxgalteriya hisobiga ega boʻlmagan, aʼzolik badallarini oʻz vaqtida toʻlaydigan, yer va suv resurslaridan samarali foydalanuvchi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining boshqa turlarini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga shartnomaga muvofiq bepul konsalting xizmatlari koʻrsatishlari mumkin;
ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilmagan fermer xoʻjaliklariga, shuningdek, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pullik konsalting xizmatlari koʻrsatadi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalari kengashi raisi vazifasini bajaruvchi A.A. Xaitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 15-fevral,
131-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil fevraldagi 131-son qaroriga ILOVA
Tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari — (keyingi oʻrinlarda markazlar deb ataladi) tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida tashkil etilgan fermer xoʻjaliklarida bepul konsalting xizmatlari koʻrsatuvchi muassasa;
bepul konsalting xizmatlari — toʻlov undirilmagan holda ushbu Nizomga muvofiq fermer xoʻjaliklariga markazlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar;
buxgalter — oliy iqtisodiy maʼlumotga yoki buxgalteriya hisobi yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan hamda markazlarning shtat jadvalida turadigan jismoniy shaxs;
soliq va statistika hisobotlari boʻyicha maslahatchi — oliy iqtisodiy maʼlumotga yoki auditorlik faoliyati yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan hamda markazlarning shtat jadvalida turadigan jismoniy shaxs.
aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha agronom — oliy maʼlumotli agronom yoki agronom mutaxassisligi boʻyicha oʻrta-maxsus maʼlumotga ega boʻlgan yoki maxsus oʻquv kurslarini tamomlagan hamda markazlarning shtat jadvalida turadigan jismoniy shaxs.
3. Bepul konsalting xizmatlari tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari aʼzosi hisoblanadigan, davlat xaridlari uchun paxta xomashyosi va gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga markazlar tomonidan koʻrsatiladi.
Markazlar tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining taklifiga koʻra moliyaviy resurslari cheklangan va buxgalteriya hisobiga ega boʻlmagan, aʼzolik badallarini oʻz vaqtida toʻlaydigan, yer va suv resurslaridan samarali foydalanuvchi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining boshqa turlarini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga shartnomaga muvofiq bepul konsalting xizmatlari koʻrsatishlari mumkin.
4. Markazlar ushbu Nizomning 3-bandida nazarda tutilmagan fermer xoʻjaliklariga, shuningdek, qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtiruvchi boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda pullik konsalting xizmatlari koʻrsatadi.
5. Konsalting xizmatlari koʻrsatish quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
qonun ustuvorligi;
fermer xoʻjaliklarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi;
faoliyatning mustaqilligi va maxfiyligi hamda shartnomaviy majburiyatlarga rioya qilish.
2-bob. Markazlar faoliyatini tashkil etish va ular tomonidan koʻrsatiladigan konsalting xizmatlari
6. Markazlar tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tomonidan muassasa shaklida tashkil etiladi. Markaz direktori egallab turgan lavozimiga koʻra tuman kengashi raisi oʻrinbosari hisoblanadi, lavozimiga hududiy fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining buyrugʻi bilan tayinlanadi.
7. Markazlar quyidagi konsalting xizmatlarini koʻrsatadi:
buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishini taʼminlash;
xodimlarning ish haqi va majburiy ajratmalarni hisoblash;
asosiy mablagʻlarni, tovar-moddiy boyliklarni, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mavsumi yakunlari boʻyicha debitorlik va kreditorlik qarzlarni xatlovdan oʻtkazish;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha soliq organlari bilan birga taqqoslashlarni amalga oshirish va ularning oʻz vaqtida toʻlanishini tashkil etish;
soliq va moliyaviy hamda statistika hisobotlarini tuzish va ularni tegishli organlarga taqdim qilish;
daromadlar va xarajatlarni tahlil qilish, tijorat banklaridan kredit olish uchun zarur hujjatlarni tayyorlash va kelgusi yil uchun biznes reja tuzish, moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzolik badallari hisoblanishi va toʻlanishini tashkillashtirish;
agronom tomonidan aholiga oʻz xonadonlaridagi tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha, shuningdek fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish boʻyicha maslahatlar berish, sifatli urugʻ va koʻchatlar bilan taʼminlash, agrotexnik tadbirlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishida amaliy yordam berish.
3-bob. Markazlarning huquqlari va majburiyatlari
8. Markazlar konsalting xizmatlarini koʻrsatishda quyidagi huquqlarga ega:
konsalting xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar va boshqa maʼlumotlar olish;
konsalting xizmatlari koʻrsatilayotgan fermer xoʻjaligi rahbari va boshqa xodimlarini chaqirishga, ulardan qonunchilik hujjatlari, ustav faoliyati, taʼsis hujjatlarining buzilishi holati yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar talab qilish;
zarur hujjat va boshqa maʼlumotlarni davlat organlaridan olish;
shartnoma shartlari fermer xoʻjaligi tomonidan buzilgan taqdirda konsalting xizmatlari koʻrsatishni bekor qilish;
markazlar konsalting xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
4-bob. Konsalting xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzish va uni bekor qilish tartibi
9. Markazlar tomonidan bepul konsalting xizmatlarini koʻrsatish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
10. Konsalting xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzish uchun fermer xoʻjaliklari oʻz xohishiga koʻra markazlarga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi konsalting xizmatlaridan foydalanish ehtiyoji toʻgʻrisida buyurtma (keyingi oʻrinlarda fermer xoʻjaligining buyurtmasi deb ataladi) taqdim qiladi.
11. Fermer xoʻjaligining buyurtmasi markazlar tomonidan uch kun mobaynida koʻrib chiqiladi. Buyurtmani koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha markazlar fermer xoʻjaliklariga bepul yoki pullik konsalting xizmatlari koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzishni taklif qiladi.
12. Ushbu Nizomning 3-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilarida koʻrsatilgan fermer xoʻjaliklari bilan ikki kun mobaynida bepul konsalting xizmatlarini koʻrsatish shartnomasi bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi.
13. Markazlar fermer xoʻjaliklariga koʻrsatiladigan bepul konsalting xizmatlari hisobini yuritadi. Har oyda markaz va fermer xoʻjaligi oʻrtasida ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda koʻrsatilgan bepul konsalting xizmatlari toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi.
14. Koʻrsatilgan bepul konsalting xizmatlari toʻgʻrisidagi dalolatnoma Markazlar tomonidan hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechikmay tegishli tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga taqdim qilinadi.
15. Fermer xoʻjaliklari tomonidan tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga aʼzolik badallari oʻz muddatida toʻlanmagan taqdirda mazkur shartnoma bekor qilinishi mumkin.
Markaz tomonidan bepul konsalting xizmatlari toʻliq koʻrsatilmagan yoki tegishlicha boʻlmagan sifatdagi xizmatlar koʻrsatilganda yoxud xizmat koʻrsatishning muddatlari buzilgan hollarda Markaz xodimlariga nisbatan intizomiy choralar koʻriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda Markazlar tomonidan ushbu Nizomga rioya qilinishi ustidan nazoratni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradilar.
17. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.
Tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish
SXEMASI
Tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tomonidan bepul konsalting xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2019-y., 09/19/131/2618-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2021-y., 07/21/54/1169-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
