Elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3136-son)
05.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 5-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3136]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-iyundagi PQ-3802-son “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktabrdagi 807-son “Soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
3. Mazkur qaror 2019-yil 31-dekabrga qadar amal qiladi.
Rais B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-dekabr,
2018-79-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2018-yil 29-dekabrdagi 2018-79-son qaroriga ILOVA
Elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-iyundagi PQ-3802-son “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktabrdagi 807-son “Soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
elektron hisobvaraq-faktura (bundan buyon matnda EHF deb yuritiladi) — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish va sotib olish faktini tasdiqlaydigan, elektron hujjat aylanishi tizimi orqali taqdim etiladigan va qabul qilinadigan elektron hujjat;
elektron tovar-transport yukxati (bundan buyon matnda ETTYu deb yuritiladi) — transport jarayonining qatnashchilari uchun yagona boʻlgan, tovar-moddiy boyliklarni hisobdan chiqarishga, ularni yoʻlda hisobga olishga, kirim qilishga, ombor, tezkor va buxgalteriya hisobi uchun, shuningdek yuk tashilganligi uchun hisob-kitob qilish va bajarilgan ishning hisobini yuritish uchun moʻljallangan, elektron hujjat aylanishi tizimi orqali taqdim etiladigan va qabul qilinadigan elektron hujjat;
elektron ishonchnoma — xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan yetkazib beruvchilardan tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchli shaxsga berilgan va xoʻjalik yurituvchi subyektning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat;
elektron hujjat identifikatori — elektron hujjatni masofadan identifikatsiya qilish imkonini beruvchi operator tizimi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining axborot tizimi tomonidan avtomatik ravishda belgilanadigan elektron hujjatning unikal raqami;
yukni joʻnatuvchi — yuk egasining nomidan ish koʻruvchi yoki tashish shartnomasi boʻyicha yukning egasi hisoblanuvchi ETTYuda joʻnatuvchi sifatida koʻrsatilgan shaxs;
yukni oluvchi — yukni olishga vakolat berilgan va ETTYuda koʻrsatilgan shaxs;
yukni tashuvchi — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuklarni transport vositasi yordamida tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi (yuk tashishni amalga oshiruvchi) shaxs;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining axborot tizimi (bundan buyon matnda DSQ AT deb yuritiladi) — elektron hujjatlarni markazlashtirilgan holda saqlash, hisobini yuritish, qayta ishlash va uzatish tizimi;
QR-kod — yakunlangan elektron hujjatga biriktiriladigan va hujjatni qogʻoz shaklida chop etilganda koʻrsatiladigan maxsus grafik kodi. QR-kod tegishli mobil ilovalar va dasturiy mahsullar orqali oʻqish (skanerlash) vaqtida elektron hujjat haqidagi maʼlumotlar aniqlanadi.
2. Mazkur Nizom topshiriq shartnomalari boʻyicha amalga oshirilayotgan operatsiyalarga, shuningdek avia va temir yoʻl transporti orqali tovarlarni yetkazib berish (tashish)ni nazarda tutuvchi xoʻjalik shartnomalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Elektron hujjat aylanishi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ekspert xulosasini olgan tashkilotlar — elektron hujjat almashish operatorlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining interaktiv davlat xizmatlari (bundan buyon matnda operator deb yuritiladi) orqali amalga oshiriladi.
4. Elektron hujjatlarni yuborish va qabul qilishda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan har bir elektron hujjat uchun elektron hujjat aylanishi alohida amalga oshiriladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar turli xil operatorlarning axborot tizimlaridan foydalanganida operatorlar oʻrtasidagi elektron hujjat aylanishi DSQ AT orqali amalga oshiriladi.
5. Operator elektron hujjatlarga xizmat koʻrsatuvchi dasturiy-apparat majmuasining uzluksiz faoliyatini taʼminlaydi hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarga oʻzining axborot tizimidan doimiy foydalanish imkoniyatini yaratib beradi.
6. Operatorlar oʻzlarining axborot tizimlarini oʻzaro integratsiyasini taʼminlashlari shart.
2-bob. EHFlarni taqdim etish va qabul qilish
7. Etkazib beruvchi EHFni sotib oluvchiga taqdim etishda EHFni mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklda rasmiylashtiradi hamda oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlagan holda yuboradi.
EHF sanasi va identifikatori avtomatik tarzda shakllanadi va elektron hujjatga QR-kodi biriktiriladi. EHFning tartib raqami avtomatik tarzda operatorning axborot tizimi tomonidan shakllantiriladi yoki yetkazib beruvchi tomonidan kiritiladi.
8. Etkazib beruvchi tomonidan tasdiqlangan EHF yetkazib beruvchining operatori tomonidan sotib oluvchiga yuboriladi va operatorning axborot tizimi elektron hujjatga “yetkazilgan” maqomini biriktiradi.
9. Sotib oluvchi kelib tushgan EHF bilan tanishib chiqqanidan soʻng, uni oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi yoki ushbu EHFni sababini koʻrsatgan holda rad etadi.
Sotib oluvchining ishonchli vakili yetkazib beruvchidan tovarlarni qabul qilib olishi talab etilsa, sotib oluvchi elektron ishonchnomani mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiradi va yetkazib beruvchiga yuboradi. Tomonlar elektron ishonchnomani operatorning axborot tizimi orqali yuboradi va qabul qilib oladi.
Etkazib beruvchi qabul qilingan elektron ishonchnoma asosida EHFni shakllantiradi.
10. Sotib oluvchi tomonidan tasdiqlangan EHF operatorning axborot tizimi orqali yetkazib beruvchiga yuboriladi. Bunda elektron hujjat “yetkazilgan” maqomidan “tasdiqlangan” maqomiga oʻzgaradi va EHF ikki tomonlama tasdiqlangan hisoblanadi.
11. Sotib oluvchi EHFni tasdiqlashni rad etganda, rad etish sababini koʻrsatgan holda oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi. Bunda elektron hujjat “yetkazilgan” maqomidan “rad etilgan” maqomiga oʻzgaradi.
12. Oldin shakllantirilgan EHFga tuzatish kiritish zarurati paydo boʻlgan taqdirda, qoʻshimcha EHF shakllantirish mazkur bobda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunday hollarda qayta shakllantirilgan EHFning rekvizitlarida oʻzgartirish kiritilayotgan oldin shakllantirilgan EHFning raqami va sanasi koʻrsatiladi.
13. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) jismoniy shaxsga realizatsiya qilishda, yetkazib beruvchi EHF shakllantirib, oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi. EHFning sanasi avtomatik tarzda shakllanadi, elektron hujjatga QR-kodi biriktiriladi va “tasdiqlangan” maqomi beriladi.
EHF shakllangandan soʻng, yetkazib beruvchi uni qogʻoz shaklida chop etib jismoniy shaxsga taqdim etadi.
3-bob. ETTYuni taqdim etish va qabul qilish
14. Tovar-moddiy boyliklarni transportda tashish ehtiyoji paydo boʻlganda, yukni joʻnatuvchi u boshqa tashkilotning transport xizmatlarini buyurtmachisi hisoblanishidan, shuningdek yuk tashish yukni joʻnatuvchi yoki yukni oluvchiga tegishli boʻlgan transport vositasi orqali amalga oshirilishidan qatʼiy nazar, mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shaklda ETTYuni rasmiylashtiradi.
15. ETTYu sanasi avtomatik tarzda shakllanadi va elektron hujjatga QR-kodi biriktiriladi. ETTYuning tartib raqami avtomatik tarzda operatorning axborot tizimi tomonidan shakllantiriladi yoki yuk joʻnatuvchi tomonidan kiritiladi.
ETTYu shakllangandan soʻng, yukni joʻnatuvchi elektron hujjatni oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi va operatorning axborot tizimi orqali yukni tashuvchi va yukni oluvchiga yuboriladi hamda tizim elektron hujjatga “yetkazilgan” maqomini biriktiradi.
Agar yukni joʻnatuvchi va yukni oluvchi bir xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlsa, yuk joʻnatuvchi tomonidan tasdiqlangan ETTYu faqat yukni tashuvchiga yuboriladi.
Agar yukni joʻnatuvchi, yukni tashuvchi va yukni oluvchi bir xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlsa, yukni joʻnatuvchi tomonidan tasdiqlangan ETTYu hech kimga joʻnatilmaydi va hujjatga “yukni tashuvchi tomonidan tasdiqlangan” va “yukni oluvchi tomonidan tasdiqlangan” maqomi beriladi.
16. Yukni tashuvchi qabul qilingan ETTYu bilan tanishib chiqqanidan soʻng, uni oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi yoki sababini koʻrsatgan holda tasdiqlashni rad etadi.
17. Yukni tashuvchi ETTYuni tasdiqlagan taqdirda ETTYuga “yetkazilgan” maqomidan “yukni tashuvchi tomonidan tasdiqlangan” maqomiga oʻzgaradi.
18. Yuk belgilangan manzilga yetkazilib, uni topshirish-qabul qilish amalga oshirilganidan soʻng, yukni oluvchi ETTYuni oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi yoki uni tasdiqlashni sababini koʻrsatgan holda rad etadi.
19. Yukni oluvchi ETTYuni tasdiqlagan taqdirda ETTYuga “yukni oluvchi tomonidan tasdiqlangan” maqomi beriladi.
20. Yukni tashuvchi yoki yukni oluvchi EHFni tasdiqlashni rad etganda, rad etish sababini koʻrsatgan holda oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi. Agar yukni tashuvchi yoki yukni oluvchidan bittasi ETTYuni tasdiqlashni rad etgan boʻlsa ETTYu “yetkazilgan” maqomidan “rad etilgan” maqomiga oʻzgaradi.
21. Oldin shakllantirilgan ETTYuga tuzatish kiritish zarurati paydo boʻlganda, qoʻshimcha ETTYuni shakllantirish mazkur bobda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunday holatda ETTYuning rekvizitlarida oʻzgartirish kiritilayotgan oldin shakllantirilgan ETTYuning raqami va sanasi koʻrsatiladi.
4-bob. Elektron hujjatlarni saqlash va hisobini yuritish
22. Operator tasdiqlangan elektron hujjatlarni oʻzlarining bazalarida kamida besh yil davomida saqlaydi va hisobini yuritadi.
23. Tasdiqlangan elektron hujjatlarni keyinchalik saqlanishini taʼminlash, arxiv ishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
24. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
25. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
2018-yil 29-dekabr
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. SADIKOV
2018-yil 29-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2018-yil 29-dekabr
Elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2019-y., 10/19/3136/2579-son)
