Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida (98-son)
06.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Orol dengizi qirgʻoqlarida artemiya sistalarini yigʻib olish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QXT, 2014-yil, 43-son, 530-modda) bilan tasdiqlangan Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida nizomning 20-bandi quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Istisno tariqasida, artemiya sistalari yigʻib olish uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddati keyingi kalendar yilining 31-mart kuniga qadar belgilanadi”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi Orol dengizi qirgʻoqlarida artemiya sistalarini yigʻib olish ishlarini amalga oshirish uchun 2018-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga rasmiylashtirilgan ruxsatnomalarning amal qilish muddatini 2019-yilning 31-mart kuniga qadar uzaytirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Qoʻchkarov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-fevral,
98-son
