4-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (O‘RQ-518-son) · Sana: 06.02.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ahdlashuvchi tomon — xalqaro shartnomaning mustaqil tomoni sifatida ishtirok etayotgan hamda u kuchga kirganligidan yoki kirmaganligidan qatʼi nazar, ushbu xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga rozilik bildirgan davlat (davlatlar), xalqaro tashkilot (xalqaro tashkilotlar) va (yoki) xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyekt (boshqa subyektlar);
vakolatlar — bitta shaxsning yoki bir nechta shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi vakili boʻlish huquqi boʻlib, bu huquq Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining (mansabdor shaxsining) qarori asosida amalga oshiriladi va muzokaralarda ishtirok etayotgan tomonga yoki depozitariyga:
muzokaralar olib borish va xalqaro shartnomaning matnini qabul qilish yoki uning autentikligini belgilash;
xalqaro shartnomani imzolash;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirish;
xalqaro shartnomaga taalluqli boshqa harakatni amalga oshirish maqsadida beriladigan vakolatlar toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan tegishli tarzda rasmiylashtiriladi;
davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq xalqaro shartnomalar tuzish huquqi berilgan Oʻzbekiston Respublikasi vazirligi, shuningdek boshqa organi;
denonsatsiya — Oʻzbekiston Respublikasining oʻzi tuzgan xalqaro shartnomani tegishli tarzda rasmiylashtirilgan holda rad etishi va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish usullaridan biri;
depozitariy — xalqaro shartnoma qoidalariga muvofiq ushbu xalqaro shartnomaning asl nusxasi oʻziga saqlash uchun topshiriladigan va mazkur xalqaro shartnomaga nisbatan ushbu xalqaro shartnomada va xalqaro huquqda nazarda tutilgan vazifalarni bajaradigan davlat, xalqaro tashkilot yoki uning bosh ijrochi mansabdor shaxsi;
muzokaralarda ishtirok etayotgan tomon — xalqaro shartnomaning matnini tuzish va qabul qilishda ishtirok etayotgan davlat, xalqaro tashkilot va (yoki) xalqaro shartnomalarni tuzish huquqiga ega boʻlgan boshqa subyekt;
ratifikatsiya yorligʻi — xalqaro shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan koʻrib chiqilganligi toʻgʻrisida guvohlik beruvchi va xalqaro shartnomaning Oʻzbekiston Respublikasi uchun majburiy ekanligiga boʻlgan rozilikni ifodalovchi maxsus hujjat;
