37-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (O‘RQ-518-son) · Sana: 06.02.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini yagona tarzda hisobga olishning, inventarizatsiya qilishning va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilishning elektron maʼlumotlar bazasi asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari hamda boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan birgalikda shartnomalarning yagona tarzda hisobga olinishini taʼminlash va ularning huquqiy maqomini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini rejali asosda inventarizatsiyadan oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar oʻz vakolatiga kiradigan davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining soʻrovnomasi asosida ikki haftalik muddat ichida taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amal qiluvchi yoki oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish, ularni prolongatsiya qilish (muddatini uzaytirish) va qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor davlat organlarini Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
