27-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (O‘RQ-518-son) · Sana: 06.02.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining shartlariga hamda xalqaro huquqqa muvofiq ularning ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuvga binoan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Ushbu Qonunning xalqaro shartnomalar tuzishga oid qismidagi qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi uchun xalqaro shartnomalarning oʻzida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda yoki ularning ishtirokchilari oʻrtasida kelishib olingan boshqa tarzda kuchga kiradi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kuchga kirishi uchun ushbu shartnomalar shartlariga yoki xalqaro huquqqa muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar oʻzi uchun majburiy ekanligiga roziligi bildirilishi zarur boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining bunday roziligi ushbu Qonunning 17-moddasida koʻrsatilgan usullarda ifodalanishi mumkin.
