16-modda. Vakolatlarni koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib borish va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida (O‘RQ-518-son) · Sana: 06.02.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti davlat rahbari sifatida xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻradi hamda xalqaro huquqqa va Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib boradi hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish koʻradi, vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib boradi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri oʻz vazifalariga koʻra va xalqaro huquqqa muvofiq vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolashga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik vakolatxonasi boshligʻi yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot yoki konferensiya qoshidagi vakolatxonasi boshligʻi xalqaro shartnoma matnini qabul qilish maqsadida diplomatik vakolatxona joylashgan davlat bilan yoki mazkur xalqaro tashkilot, konferensiya doirasida vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga haqli.
Davlat organining rahbari oʻz vakolati doirasida vakolatlarini koʻrsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga va idoralararo shartnomalarni imzolashga haqli.
