5-modda. Bank sirining oshkor qilinishi
Bank siri toʻgʻrisida (530-II-son) · Sana: 30.08.2003 · Amalda
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilish, ogʻzaki yoki yozma shaklda yoxud boshqa yoʻsinda tarqatish yoki maʼlum qilish, uchinchi shaxslar eʼtiboriga yetkazish, bunday maʼlumotlarni qoʻlga kiritishi uchun uchinchi shaxslarga bevosita yoki bilvosita, shu jumladan ana shunday maʼlumotlar xizmat vazifasini bajarishi munosabati bilan oʻziga ishonib topshirilgan yoxud maʼlum boʻlib qolgan yoki ushbu Qonunda belgilangan tartibda taqdim etilgan shaxslar tomonidan bunday maʼlumotlarni saqlash tartibining buzilishi oqibatida imkoniyat yaratib berish bank sirining oshkor qilinishi deb hisoblanadi.
Quyidagilar bank sirining oshkor qilinishi deb hisoblanmaydi:
bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning bank tomonidan uchinchi shaxslarga ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek bankka yuridik, buxgalteriya, auditorlik, axborot va maslahat yoʻsinidagi xizmat koʻrsatuvchi shaxslarga maʼlum qilinishi yoki taqdim etilishi, basharti bu shunday xizmatni koʻrsatish uchun zarur boʻlsa hamda mazkur shaxslar ushbu Qonunning 6-moddasida belgilangan harakatlarni sodir etishdan oʻzini tiyishi shart boʻlsa;
prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek chet davlatlarning vakolatli organlari oʻrtasida bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida hamda xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tartibda almashish;
bankni sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning uchinchi shaxslarga maʼlum qilinishi yoki taqdim etilishi.
