Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (Davlat kimyo komissiyasi) faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida (1-son)
04.01.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona oʻtlardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda kimyoviy va biologik preparatlarni ishlab chiqarish va qoʻllash sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash, ularni sinash va roʻyxatdan oʻtkazish tartiblariga rioya etish yuzasidan masʼuliyatni oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (Davlat kimyo komissiyasi)ga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Davlat kimyo komissiyasi oʻsimliklarni himoya qilish sohasida maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
2. Quyidagilar Davlat kimyo komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirishga hamda yuqori samarali, ekologiya jihatidan xavfsiz va kam zaharli kimyoviy va biologik preparatlarni qoʻllash hisobiga hosilni saqlab qolishga yoʻnaltirilgan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanish sohasida yagona siyosatni shakllantirish va amalga oshirish;
respublika vazirliklari va idoralarining kimyoviy va biologik preparatlarni ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanish, preparatlarning atrof-muhitga taʼsirini aniqlash bilan bogʻliq faoliyatini muvofiqlashtirib borish;
kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini qoʻllash, roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish hamda respublika qishloq xoʻjaligida qoʻllash uchun ruxsat etilgan preparatlar roʻyxatiga kiritish va ularni roʻyxatdan chiqarish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash;
mamlakatimizda va chet ellarda ishlab chiqarilgan, qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun tavsiya qilingan kimyoviy va biologik preparatlarga doir ilmiy-texnikaviy hujjatlar ekspertizasini amalga oshirish, ularning biologik samaradorligini, toksik-gigiyenik va ekologik xossalarini aniqlash yuzasidan sinovlar oʻtkazish;
respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import boʻyicha chetdan keltiriladigan kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, biopreparatlar sifatini nazorat qilish, ularni qoʻllash yuzasidan xulosalar berish hamda inson salomatligiga va atrof-muhitga salbiy taʼsiri aniqlanganda ulardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish.
3. Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. “Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti” MChJ Davlat kimyo komissiyasining ishchi organi etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat kimyo komissiyasining ekspert guruhi belgilangan tartibda tugatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tugatish komissiyasini tuzsin hamda mazkur ekspert guruhni tugatish bilan bogʻliq tadbirlarni belgilangan tartibda amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi ikki hafta muddatda Davlat kimyo komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 4-yanvar,
1-son
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 4-yanvardagi 1-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (Davlat kimyo komissiyasi) tarkibi
Izoh. Davlat kimyo komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
