Davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni oʻtash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3125-son)
21.01.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 21-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3125]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni oʻtash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat Bojxona qoʻmitasi raisi M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-noyabr,
01-02/13-70-son
Moliya vaziri D. QOʻChQOROV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-noyabr,
155-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2018-yil 30-noyabrdagi 01-02/13-70 va 155-son qaroriga ILOVA
Davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni oʻtash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-noyabrdagi PQ-3995-son “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari kadrlarini tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining Bojxona institutiga (bundan buyon matnda Institut deb yuritiladi) oʻqishga qabul qilingan fuqarolar (bundan buyon matnda kursant deb yuritiladi) bilan davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni oʻtash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Institutda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti (bundan buyon matnda davlat budjeti deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi (bundan buyon matnda Bojxona qoʻmitasi deb yuritiladi) mablagʻlari hisobidan oʻqiyotgan, uni tamomlab majburiy xizmat oʻtash uchun davlat bojxona xizmati organlariga, shuningdek Bojxona qoʻmitasi tomonidan boshqa davlat idoralariga yuborilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Kursant oʻqishni tamomlagandan keyin besh kalendar yil mobaynida davlat bojxona xizmati organlarida, shuningdek Bojxona qoʻmitasi tomonidan boshqa davlat idoralariga yuborilganda majburiy xizmat oʻtashga majbur.
3. Kursant oʻqishga qabul qilinishi bilan Bojxona qoʻmitasi oʻrtasida oʻqishni tamomlagandan keyin besh kalendar yil mobaynida davlat bojxona xizmati organlarida, shuningdek boshqa davlat idoralarida majburiy xizmat oʻtalishi haqida shartnoma tuziladi.
4. Institutga oʻqishga kirishidan oldin (dastlabki tanlov davrida) nomzodlar va ularning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar nomzod Institutga oʻqishga qabul qilingandan soʻng davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni oʻtash haqida shartnoma imzolashi, shartnoma shartlarini bajarishi, shuningdek, kursantlar safidan chiqarilsa yoki oʻqishni tamomlagandan soʻng besh yil ichida xizmatdan boʻshatilsa, shartnomani muddatdan ilgari bekor qilsa yoki jinoyat sodir etib javobgarlikka tortilsa, oʻqish davrida unga sarflangan barcha budjet mablagʻlarini qoplashi boʻyicha moddiy javobgarlik toʻgʻrisida yozma ravishda ogohlantiriladi.
Bunda, Bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari hamda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida tuziladigan ishchi guruhlar tomonidan nomzod va uning ota-onasi (farzandlikka oluvchi, vasiysi) yozma ravishda ogohlantiriladi va ulardan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda tilxat olinadi.
2-bob. Shartnoma tuzish
5. Oʻqish tamomlagandan keyin besh kalendar yil mobaynida davlat bojxona xizmati organlarida, shuningdek boshqa davlat idoralarida majburiy xizmatni oʻtashi haqida, mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Bojxona qoʻmitasi nomidan Institut hamda kursantlar va ularning ota-onasi (farzandlikka oluvchi, vasiyi) oʻrtasida shartnoma tuziladi.
Kursantlar kursantlar safidan chiqarilib oʻqishga qayta tiklangan taqdirda yoki xodim majburiy xizmat oʻtash davrida xizmatga qayta tiklanganda, shartnoma qayta tuzilishi shart.
6. Shartnoma ikki nusxada davlat tili yoki rus tilida tuziladi. Shartnomani tuzish tomonlarning imzolashlari orqali amalga oshiriladi.
7. Kursant shartnoma tuzishni rad qilgan taqdirda, mazkur holat boʻyicha bojxona organi masʼul xodimi tomonidan shartnoma tuzishni rad etish sabablari, kursant oʻqishga kirganligini tasdiqlovchi hujjatning raqami va sanasi koʻrsatilgan holda bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Shartnoma tuzishni rad etgan kursant kursantlar safidan chiqariladi.
8. Tuzilgan shartnomaning bir nusxasi kursantga beriladi, ikkinchi nusxasi kursantning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildiga tikiladi.
3-bob. Oʻqitishga sarflangan mablagʻlarni qoplash
9. Oʻqish uchun sarflangan mablagʻlar bir oʻquv yili uchun, kalendar yil hisobida kursantlar safidan chiqarilgan (xizmatdan boʻshatilgan) sanada amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari miqdorida undiriladi.
10. Shartnoma muddatidan oldin bekor qilinganda, qoplanishi lozim boʻlgan mablagʻlar, kursant (xodim):
davlat bojxona xizmati organlarida xizmatni oʻtagan boʻlsa, tegishli Bojxona qoʻmitasining tarkibiy tuzilmalari;
boshqa davlat idoralarida xizmatni oʻtagan taqdirda Bojxona qoʻmitasi tomonidan hisoblanadi.
11. Kursant (xodim) tomonidan shartnoma shartlari bajarilmasa, oʻqishga sarflangan mablagʻlar:
toʻrt yillik oʻqish davrining kursantlar safidan chiqarilgunga qadar boʻlgan davriga;
besh yillik majburiy xizmatni oʻtamagan davriga nisbatan mos ravishda undiriladi.
12. Oʻqish uchun sarflangan mablagʻlar oʻqishdan chetlashtirish yoki xizmatdan boʻshatish haqida buyruq imzolangan sanadan boshlab 30 kalendar kun ichida qoplanishi lozim.
13. Qoplanishi lozim boʻlgan mablagʻlar har qanday manfaatdor shaxs tomonidan toʻlab berilishi mumkin. Bunda mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Qoplanishi lozim boʻlgan mablagʻlar toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi xodimning soʻnggi ish joyidagi kadrlar tuzilmasiga taqdim qilinadi va shaxsiy yigʻma jildiga tikib qoʻyiladi.
15. Belgilangan muddatda qoplanmagan mablagʻlar sud orqali undiriladi.
16. Qoplanishi lozim boʻlgan mablagʻlarni toʻlagan xodim (kursant) xizmatga tiklangan (kursantlar safiga qaytarilgan) yoki qayta qabul qilingan taqdirda undan undirilgan pul mablagʻlari toʻliq qaytariladi.
17. Qoʻyidagi hollarda kursantga sarflangan mablagʻlar qoplanmaydi:
kursant (xodim) vafot etishi, bedarak yoʻqolgan deb topilganligi yoki vafot etgan deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan davlat bojxona xizmati organlari shaxsiy tarkibi roʻyxatidan chiqarilgan kunidan boshlab;
kursant (xodim) davlat bojxona xizmati organlaridan harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida yoki tashkiliy-shtat oʻzgarishlari sababli boʻshatilganda;
kursant (xodim)ning ota-onasi, aka-ukalari yoki opa-singillaridan biri nazorat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchisi boʻlib, xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan taqdirda;
kursantlarning oʻqishi boshqa oliy harbiy yoki harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga koʻchirilganda.
4-bob. Yakuniy qoidalar
18. Ushbu Nizomda qayd etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
19. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni oʻtash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 23-iyundagi 41-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3447, 14.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2023-y., 10/23/3447/0484-son)
Davlat bojxona xizmati organlarida majburiy xizmatni oʻtash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 23-iyundagi 41-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3447, 14.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2023-y., 10/23/3447/0484-son)
