Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qoʻshimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlari koʻrsatish faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3123-son)
18.01.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 18-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3123]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PQ-3955-sonli “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qoʻshimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlari koʻrsatish faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. SHIN
Toshkent sh.,
2018-yil 13-dekabr,
3-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirining 2018-yil 13-dekabrdagi 3-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qoʻshimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlari koʻrsatish faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PQ-3955-son “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qoʻshimcha pullik taʼlim-tarbiya xizmatlari (bundan buyon matnda qoʻshimcha xizmat deb yuritiladi) koʻrsatish faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom talablari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari (bundan buyon matnda maktabgacha taʼlim tashkiloti deb yuritiladi) uchun tatbiq etiladi.
2. Qoʻshimcha xizmatlar zarur moddiy-texnik baza hamda tegishli pedagog xodimga ega boʻlgan yoki tegishli mutaxassis jalb qilingan holda maktabgacha taʼlim tashkilotida tashkil qilinishi mumkin. Bunda qoʻshimcha xizmatlarni koʻrsatish bolaning maktabgacha taʼlim tashkilotining oʻquv dasturi boʻyicha olib boriladigan taʼlim-tarbiya jarayoniga xalaqit bermasligi kerak.
2-bob. Qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi PQ-3955-son qarori bilan tasdiqlangan 2018-2019-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi hamda 2022-yil 7-martdagi PF-87-son “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan quyidagilar boʻyicha qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatilishi mumkin:
dam olish kunlari va maktabgacha taʼlim tashkilotida ish kuni yakunlangandan keyin bolani parvarishlash, unga qarab turish, uni oʻqitish;
maktabgacha taʼlim tashkilotining oʻquv dasturdan tashqari sport-sogʻlomlashtirish (karate, taekvondo, suzish, shaxmat, shashka, gimnastika, massaj va boshqalar) toʻgaraklari, badiiy-estetik (xor, raqs, tasviriy sanʼat va hokazolar) toʻgaraklar, fanlar boʻyicha toʻgaraklar (chet tillari, matematika, aqliy arifmetika, mantiq, informatika va boshqalar);
toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarga maktabgacha taʼlim va tarbiya xizmatlari.
4. Maktabgacha taʼlim tashkiloti tomonidan koʻrsatilishi rejalashtirilayotgan qoʻshimcha xizmatlar turlari hamda ular uchun belgilanadigan toʻlovlar miqdori maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi yigʻilishida muhokama qilinishi shart.
5. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlarning narxlar preyskuranti tegishli maktabgacha taʼlim tuman (shahar) boʻlinmasi bilan kelishilgan holda maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori tomonidan tasdiqlanadi.
6. Qoʻshimcha xizmatlar tegishli maktabgacha taʼlim tuman (shahar) boʻlinmasi bilan kelishilgan holda maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorining buyrugʻiga muvofiq quyidagi hujjatlar asosida tashkil etiladi:
koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatning ish rejasi;
koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlarning preyskurant narxlari;
koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlar boʻyicha mashgʻulotlar jadvali.
7. Koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatning ish rejasi maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori tomonidan tasdiqlanadi.
8. Tasdiqlangan qoʻshimcha xizmatlarning preyskurant narxlari maktabgacha taʼlim tashkilotining barcha shaxslar kirishi va koʻrishi mumkin boʻlgan joyda (joylarda) eʼlonlar taxtasiga osib qoʻyiladi.
3-bob. Bolalarni qoʻshimcha xizmat koʻrsatuvchi guruhlarga qabul qilish
9. Maktabgacha taʼlim tashkilotida tashkil etilgan qoʻshimcha xizmat koʻrsatuvchi guruhlarga 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar, toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar qabul qilinishi mumkin.
10. Farzandi qoʻshimcha xizmat koʻrsatuvchi guruhlarda tarbiyalanishini istagan ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tegishli maktabgacha taʼlim tashkilotiga ariza bilan murojaat qiladi.
11. Maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori hamda bolaning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslardan biri bilan shartnoma tuziladi.
12. Qoʻshimcha xizmat koʻrsatuvchi guruhlarga bolani qabul qilish uchun tegishli maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorining buyrugʻi qabul qilinadi.
Buyruqda bolaning F.I.O., tugʻilgan yili, qabul qilinayotgan qoʻshimcha xizmat turi va guruhi koʻrsatilishi lozim.
13. Qoʻshimcha xizmat koʻrsatuvchi guruhlarda bolalarning soni 25 nafardan ortiq boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlarini ularning asosiy ish vaqtidan tashqari vaqtlarda kelishuv asosida qoʻshimcha xizmat koʻrsatuvchi guruhlarga jalb qilish mumkin.
15. Sud hukmi bilan yoki tibbiy xulosaga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi taqiqlangan shaxslarning qoʻshimcha xizmat koʻrsatuvchi guruhlarda faoliyat yuritishi taqiqlanadi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
16. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
17. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri D. KUCHKAROV
2018-yil 13-dekabr
