9-modda. Konsullik muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlaridan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-517-son) · Sana: 17.01.2019 · Amalda
Konsullik muassasasi oʻzi egallab turgan binoga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida va konsullik muassasasi joylashgan davlat tilida konsullik muassasasining nomi yozilgan peshlavha oʻrnatish huquqiga egadir.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi doimiy ravishda konsullik muassasalarining binolarida yoki hududlarida va transport vositalarida, shuningdek konsullik muassasalari boshliqlarining xizmat xonalarida koʻtariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda konsullik muassasasi binosining old tomoniga, shuningdek konsullik muassasalari boshliqlarining xizmat xonalariga joylashtiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, diplomatik protokol qoidalari, shuningdek konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligi hamda urf-odatlari inobatga olinishi kerak.
