23-modda. Konsullikning Oʻzbekiston Respublikasining ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan yoxud bedarak yoʻqolgan fuqarolariga taalluqli funksiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-517-son) · Sana: 17.01.2019 · Amalda
Konsullik muassasasi joylashgan davlat hududida turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi ushlab turilganligi, qamoqqa olinganligi, maʼmuriy qamoqqa olinganligi yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olingan taqdirda, konsullikning mansabdor shaxsi:
1) konsullik muassasasi joylashgan davlatning vakolatli organlari orqali fuqaro (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, yashash joyi, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga mansubligi) toʻgʻrisida, shuningdek ish holatlari haqida axborot oladi;
2) mazkur fakt toʻgʻrisida konsullik muassasasining boshligʻini, zarur hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi joylashgan davlatdagi diplomatik vakolatxonasini xabardor qiladi;
3) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini tegishli yuridik yordam bilan taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan uchrashish uchun choralar koʻradi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosiga yoʻllangan xat-xabarlar va posilkalarning topshirilishiga xalqaro huquq va konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligi yoʻl qoʻyadigan doiralarda koʻmaklashadi.
Konsullikning mansabdor shaxsi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan shaxsan uchrashuv chogʻida bunday fuqaroga nisbatan xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga, Oʻzbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalar qoidalariga hamda konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligiga rioya etilayotganligiga ishonch hosil qilishi kerak. Agar ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy qamoqqa olingan yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining huquqlari buzilayotgan boʻlsa, konsullikning mansabdor shaxsi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalariga, Oʻzbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, oʻz vakolatlari doirasida huquqlarni tiklash yuzasidan konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonunchiligida yoʻl qoʻyiladigan choralarni koʻradi.
Konsullikning mansabdor shaxsi, zarur hollarda va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi qaysi davlatda jazoni oʻtayotgan yoki sud qarorining ijro etilishini kutayotgan boʻlsa, oʻsha davlatning hokimiyat organlariga afv etish, muddatidan ilgari ozod qilish yoxud sud qarorini ijro etishni toʻxtatib turish haqidagi iltimosnoma bilan, agar Oʻzbekiston Respublikasining mazkur davlat bilan xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, murojaat etishi mumkin.
