Fermer xoʻjaliklarining aʼzolik badalini Oʻzbekiston fermerlari kengashiga oʻtkazib berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3121-son)
15.01.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 15-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3121]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi PQ-3680-son “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki Boshqaruvi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi qaror qiladi:
1. Fermer xoʻjaliklarining aʼzolik badalini Oʻzbekiston fermerlari kengashiga oʻtkazib berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki Boshqaruvi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 2017-yil 27-noyabrdagi 177, 347-V va 40-son “Fermer xoʻjaliklarining aʼzolik badalini Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga oʻtkazish va tasdiqlanadigan smeta asosida xarajat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2957, 2017-yil 19-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 51-son, 1246-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-dekabr,
153-son
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-dekabr,
350-V-son
Qishloq xoʻjaligi vaziri B. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-dekabr,
56-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank Boshqaruvi, Qishloq xoʻjaligi vazirligining 2018-yil 13-dekabrdagi 153, 350-V va 56-son qaroriga ILOVA
Fermer xoʻjaliklarining aʼzolik badalini Oʻzbekiston fermerlari kengashiga oʻtkazib berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom fermer xoʻjaliklarining aʼzolik badalini (bundan buyon matnda aʼzolik badali deb yuritiladi) Oʻzbekiston fermerlari kengashiga (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) oʻtkazib berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Aʼzolik badallari Kengash tizimini moliyalashtirish uchun tuman fermer xoʻjaliklari kengashlarining (bundan buyon matnda tuman kengashi deb yuritiladi) asosiy hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi. Tuman kengashlari tomonidan kelib tushgan aʼzolik badallari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar fermer xoʻjaliklari kengashlarining (bundan buyon matnda hududiy kengash deb yuritiladi) asosiy hisobvaragʻiga, hududiy kengashlar tomonidan esa Kengashning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
2. Kengash Ustaviga muvofiq Kengash faoliyatini moliyalashtirish manbalari quyidagilar hisoblanadi.
kirish va aʼzolik badallari;
xayriya mablagʻlari va grantlar;
tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan tushumlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
2-bob. Mablagʻlarni shakllantirish
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi PQ-3680-son “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Kengashga aʼzolik badali quyidagicha belgilanadi:
paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtiriladigan paxta xomashyosi boʻyicha birjada eʼlon qilinadigan boshlangʻich narxidan hamda donning shakllangan oʻrtacha narxidan 0,6 foiz miqdorida, bunda 2025-yil hosilidan boshlab paxtadan gektariga 50 sentnerdan va gʻalladan 80 sentnerdan yuqori hosil olgan fermer xoʻjaliklari uchun 0,3 foiz miqdorida;
boshqa fermer xoʻjaliklari uchun ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan tushgan pul mablagʻlarining 0,5 foizi miqdorida.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini boshqarish departamenti tomonidan ajratiladigan davlat ehtiyojlari uchun yetishtiriladigan paxta va gʻalla hosili boʻnak va yakuniy hisob-kitobi mablagʻlari hisobidan fermer xoʻjaliklari bilan tuzilgan shartnomalarga va ularning toʻlov toshiriqnomalariga asosan aʼzolik badali toʻlovlari amalga oshirilishi mumkin.
5. Tuman kengashlariga aʼzolik badallarini kirim qilish uchun tijorat banklarida ochilgan kengashlarning daromad va xarajatlari uchun 20212-son asosiy hisobvaraqlari ochiladi.
6. Aʼzolik badali har yili fermer xoʻjaliklari tomonidan oyma-oy fermer xoʻjaliklarining toʻlov topshiriqnomalari yoki tuman kengashlari tomonidan shartnomaga muvofiq qoʻyiladigan toʻlov talabnomalariga asosan tuman kengashlarining 20212-son asosiy hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
7. Tuman kengashlarining 20212-son asosiy hisobvaragʻiga aʼzolik badallari uchun kelib tushgan mablagʻlar keyingi ish kunidan kechikmagan holda bank hisobvaragʻi shartnomasiga asosan toʻlov topshiriqnomasi yoki memorial order orqali toʻliq hududiy kengashning 20212-son asosiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
8. Hududiy kengashning 20212-son asosiy hisobvaragʻiga tuman kengashlaridan kelib tushgan mablagʻlar keyingi ish kunidan kechikmagan holda bank hisobvaragʻi shartnomasiga asosan toʻlov topshiriqnomasi yoki memorial order orqali toʻliq Kengashning 20212-son asosiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
10. Kengash va uning hududiy hamda tuman kengashlari hisobvaraqlariga tushgan xayriya mablagʻlari va grantlar, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar (foyda) va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar ularning asosiy hisobvaraqlariga kirim qilinadi va mazkur kengashlar tasarrufida qoladi. Ushbu mablagʻlardan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda oʻz Ustavida koʻrsatilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
3-bob. Javobgarlik va nazorat
11. Kengashga, hududiy va tuman kengashlariga ularning Ustavida belgilangan vazifalar doirasida fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan majburiyat yuklatiladi.
12. Kengash bilan fermer xoʻjaliklari oʻrtasida tuzilgan aʼzolik shartnomalari doirasida tomonlarga olgan majburiyatini bajarish hamda aʼzolik badallarini belgilangan muddatlarda toʻlab berish majburiyatlari yuklatiladi.
13. Aʼzolik badali boʻyicha qarzdorligi boʻlgan fermer xoʻjaliklari tugatilganda va ushbu qarzlarni undirish imkoni boʻlmaganda mazkur qarzdorliklarni Kengash Rayosati qaroriga asosan undirish ishlari toʻxtatiladi.
14. Kengash, hududiy va tuman kengashlarining yillik daromadlar va xarajatlar smetalarining toʻgʻriligi va asoslanganligi hamda kelib tushgan mablagʻlarni maqsadli ishlatilishi uchun Kengash, hududiy va tuman kengashlari shaxsan javobgardirlar.
15. Mablagʻlarning toʻgʻri va maqsadli ishlatilishini nazorat qilish Kengashning Rayosati zimmasiga yuklatiladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
16. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
17. Mazkur Nizom Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi v.b. A. XAITOV
2018-yil 13-dekabr
