16-modda. Xavfsizlik choralarini qoʻllash asoslari
Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-515-son) · Sana: 14.01.2019 · Amalda
Himoya qilishni taʼminlash toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organ tomonidan aniqlangan, himoya qilinuvchi shaxsni jinoyat protsessida ishtirok etganligi munosabati bilan oʻldirish, unga zoʻrlik ishlatish, uning mol-mulkini yoʻq qilish yoki mol-mulkiga shikast yetkazishning aniq tahdidi mavjudligi haqidagi maʼlumotlar xavfsizlik choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.
Xavfsizlik choralari himoya qilinuvchi shaxsning yozma arizasi asosida yoki uning yozma roziligi bilan, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan esa ular ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining, shuningdek vasiylik va homiylik organlari vakolatli vakillarining (ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari homiyligidan mahrum boʻlgan taqdirda) yozma arizasi asosida yoxud ularning yozma roziligi bilan qoʻllaniladi.
Agar xavfsizlik choralarining qoʻllanilishi himoya qilinuvchi shaxsning voyaga yetgan oila aʼzolari va u bilan birga yashovchi boshqa shaxslar manfaatlariga daxl qiladigan boʻlsa, xavfsizlik choralarini qoʻllash uchun ularning yozma roziligi olinishi zarur.
