4-modda. Palataning vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida (712-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Kuchini yo'qotgan
Palataning vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlikni, eng avvalo kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
tadbirkorlarga chet ellik sheriklar bilan amaliy muloqotlar va aloqalarni kengaytirishda, eksport mahsulotini tashqi bozorlarga olib chiqishda, shuningdek raqobatbardosh tayyor mahsulot chiqarishni taʼminlovchi yangi ishlab chiqarishlar barpo etish hamda mavjud ishlab chiqarishlarni texnikaviy jihatdan qayta jihozlash uchun toʻgʻridan toʻgʻrichet el investitsiyalarini jalb etishda koʻmaklashish;
boshqa davlatlarning savdo-sanoat palatalari va tadbirkorlar jamoat birlashmalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda rivojlantirish;
tadbirkorlarga keng turdagi xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan axborot taʼminoti va maslahat yordami berish, Oʻzbekiston Respublikasining ishlab chiqaruvchilari haqidagi, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot va investitsiyaviy imkoniyatlar toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek potensial sheriklarga va zamonaviy texnologiyalar xarid qilish imkoniyatlariga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi biznes-kataloglar eʼlon qilinishini tashkil etish;
tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay muhitni shakllantirish, xalqaro huquq va biznes yuritish amaliyotining umum eʼtirof etilgan normalarini joriy qilish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy va iqtisodiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash chora-tadbirlarini koʻrish;
tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, shu jumladan davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan munosabatlarda, shuningdek sudda ifoda etish hamda himoya qilish;
tadbirkorlik faoliyati uchun kadrlar taʼlimi va ularni tayyorlash tizimi rivojlantirilishini, tadbirkorlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish tashkil etilishini qoʻllab-quvvatlash.
Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
