13-modda. Palataning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida (712-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Kuchini yo'qotgan
Palata quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasida va chet davlatlarda tashkilotlar tuzish, oʻz vakolatxonalarini ochish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlariga ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini patentlashda, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari hamda tovar kelib chiqqan joy nomlarini roʻyxatdan oʻtkazishda koʻmaklashish;
Oʻzbekiston Respublikasida va uning hududidan tashqarida koʻrgazmalar hamda yarmarkalar tashkil etish va oʻtkazish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlariga huquqiy va boshqa xil yordam koʻrsatish;
gazetalar, jurnallar va boshqa bosma materiallar nashr etish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini taʼminlash uchun noshirlik va reklama xizmatlari koʻrsatish;
xalqaro va chet el tashkilotlarida tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq sohada Palata aʼzolarining manfaatlarini ifoda etish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyati masalalariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etish;
iqtisodiy nizolarni hal qilish uchun qonun hujjatlariga muvofiq hakamlik sudlarini, shu jumladan xalqaro tijorat arbitraj sudini tashkil etish;
chet ellik sheriklar murojaat etgan hollarda tovarlarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni tasdiqlash;
Palata aʼzosi boʻlmish tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarda ishtirok etish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlariga chet el va xalqaro tashkilotlarning moliyaviy hamda texnik yordamini jalb etishda koʻmaklashish;
davlat boji toʻlamasdan sudga Palata aʼzolari manfaatlarini koʻzlab daʼvo taqdim etish, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish.
Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
