7-modda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari va akvatoriya uchastkalari
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar jumlasiga kiradi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari va akvatoriya uchastkalarida mazkur hududlardan foydalanishning belgilangan maqsadiga zid har qanday faoliyat taqiqlanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan faoliyatni cheklash yoki taqiqlash uchun yer uchastkalarini saqlash vazifasi belgilanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etishda yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini cheklash yoki tugatish tufayli ularga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikka muvofiq qoplanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondidagi yerlar ajratib berilganda qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi koʻradigan zarar va talafotlarning oʻrni qoplanmaydi.
Davlat qoʻriqxonalarining, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, davlat tabiat yodgorliklarining, buyurtma qoʻriqxonalarning (ovchilik xoʻjaliklarida tashkil etilgan buyurtma qoʻriqxonalar bundan mustasno), tabiiy pitomniklarning, davlat biosfera rezervatlarining, milliy bogʻlarning yer uchastkalariga yer soligʻi solinmaydi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda xoʻjalik faoliyati yuritilayotgan hollarda yer soligʻi undiriladi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalarini (milliy bogʻlarning yer uchastkalaridan tashqari) jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga alohida hollarda yoʻl qoʻyiladi. Milliy bogʻlar yer uchastkalarining jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslar davlat tabiat yodgorliklarini, buyurtma qoʻriqxonalarni, tabiiy pitomniklarni muhofaza qilish boʻyicha zimmalariga yuklatilgan majburiyatlar bajarilishini taʼminlamagan taqdirda ular egallab turgan yer uchastkasi olib qoʻyilishi mumkin.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yer uchastkalari hamda akvatoriya uchastkalarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish va ularni olib qoʻyish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
