41-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarining, sohil boʻyi mintaqalarining, suv obyektlari sanitariya muhofazasi zonalarining hamda yer usti va yer osti suvlari hosil boʻlish zonalarining rejimi
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Suvni muhofaza qilish zonalari doirasida cheklangan xoʻjalik faoliyati yuritishga yoʻl qoʻyiladi. Bunday zonalarda quyidagilar taqiqlanadi:
daraxt va butalarni kesish (parvarishlash yoʻsinidagi va sanitariya maqsadidagi kesish bundan mustasno);
zaharli kimyoviy moddalarni qoʻllanish;
zaharli kimyoviy moddalar va mineral oʻgʻitlar omborlarini qurish;
harom oʻlgan chorva mollar koʻmiladigan joylarni tashkil etish;
chiqindilarni saqlash va koʻmish;
oqova suvlarni tozalash inshootlari va oqova suvlar toʻplanadigan inshootlar qurish;
chorvachilik va parrandachilik majmualarini joylashtirish, shuningdek sugʻorish uchun “sharbat” (suyuq goʻng) ishlatish;
avtomobil transportini qoʻyib turish, ularga yonilgʻi quyish, ularni yuvish va taʼmirlash joylarini tashkil etish;
neft mahsulotlari omborlarini tashkil etish;
zigʻir, kanop va teri yuvish.
Sohil boʻyi mintaqalarida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan cheklashlar va taqiqlardan tashqari quyidagilar taqiqlanadi:
mineral va organik oʻgʻitlarni qoʻllanish;
chorva mollarni oʻtlatish;
har qanday turdagi qurilish, suv xoʻjaligi obyektlarini qurish bundan mustasno;
belgilanmagan joylarda qayiqlar bogʻlab qoʻyiladigan joylar tashkil etish.
Suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalari turli rejimli muhofaza mintaqalariga boʻlinadi.
Daryo oʻzanlarini oʻzgartirish, foydali qazilmalar qazib olish va suv obyektlari holatiga taʼsir qiladigan boshqa ishlarni bajarishga faqat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv xoʻjaligi organlarining, shuningdek geologiya tashkilotlarining ruxsatnomasi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Aholi punktlari hududida xoʻjaliklararo yer tuzish va rejalashtirish oʻtkazilayotganda suvni muhofaza qilish zonalarining, sohil boʻyi mintaqalarining va suv obyektlari sanitariya muhofazasi zonalarining chegaralarini oʻzgartirish ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv xoʻjaligi organlari hamda sanitariya nazorati organlari bilan kelishib olinishi lozim.
Suvni muhofaza qilish zonalari va sohil boʻyi mintaqalari rejimi yer usti va yer osti suvlarining hosil boʻlish zonalariga ham tatbiq etiladi.
