10-modda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, muhofaza qilish va ulardan foydalanishda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolarning ishtiroki
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (710-II-son) · Sana: 03.12.2004 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish tadbirlarini amalga oshirishda davlat organlariga koʻmaklashadilar. Davlat organlari ana shu tadbirlarni amalga oshirayotganda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning takliflarini inobatga oladilar.
Ayrim muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarishga aholini jalb etish maqsadida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek fuqarolar vakillaridan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari qarori bilan maslahatlashuv komissiyalari tuzilishi mumkin. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni va ularning qoʻriqlanma zonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi, ana shu hududlarda yashovchi aholining manfaatlariga daxldor qarorlar maslahatlashuv komissiyalarining xulosalari inobatga olingan holda qabul qilinadi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tegishli davlat organlaridan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida axborotlar talab qilish hamda olish huquqiga ega.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilayotgan, muhofaza qilinayotgan hamda ulardan foydalanilayotganda qonunchilikda belgilangan tartibda jamoat ekologiya ekspertizasini oʻtkazishlari va jamoat ekologiya nazoratini amalga oshirishlari mumkin.
