Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish toʻgʻrisida (1059-son)
29.12.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyatining Marhamat tumanida sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 12-sentabrdagi 723-son qaroriga muvofiq, shuningdek, xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi obyektini chuqur ilmiy oʻrganish, keng targʻib qilish, muhofaza qilish va tadqiq etish hamda tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Andijon viloyati hokimligining Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti Andijon viloyati boshqarmasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Andijon viloyati Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish yodgorlik markazini (keyingi oʻrinlarda markaz deb ataladi) barpo etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga:
“Mingtepa” arxeologiya merosi obyektini (keyingi oʻrinlarda obyekt deb ataladi) lozim darajada muhofaza qilish, konservatsiya qilish va asrab-avaylash, obyektda arxeologik qidiruv ishlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini tashkil etish;
respublika va xorijda obyektga oid saqlanayotgan manbalarni malakali mutaxassis va ekspertlar, olimlarni jalb etgan holda tadqiq etish, ular haqida batafsil maʼlumotlar bazasini yaratish va muntazam yangilab borish, xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etish, matbaa mahsulotlarini tayyorlash, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi orqali keng targʻib qilish;
tarixiy-ilmiy asoslar boʻyicha obyekt maketlarini tayyorlash, arxeologiya ashyolari, qadimiy qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, osori-atiqalar, zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, kitob va toʻplamlar, video- va fotohujjatlar hamda boshqa manbalar hisobiga koʻrgazma-ekspozitsiya tashkil etish, yuqori texnologiyalarga asoslangan axborot-resurs markazi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish;
turistlar, ilmiy tadqiqotchilar va tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tarixiy koʻrinishni saqlagan holda obyektning muhofaza etiladigan hududidan tashqarida zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish va obyektning turistik salohiyatini oshirish yuzasidan boshqa zarur chora-tadbirlarni koʻrish vazifalari yuklatilsin.
3. Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish, tadqiq etish hamda Marhamat tumanining turistik salohiyatini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Andijon viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda markaz va obyektning maketlarini joylashtirishni inobatga olgan holda obyektning muhofaza hududidan tashqarida tuproq unumdorligi jihatidan boniteti yuqori boʻlmagan maydondan markaz binosi uchun yer uchastkasi ajratish choralarini koʻrsin;
markaz binosi qurilishi uchun ajratilgan hududda bino va inshootlar mavjud boʻlgan taqdirda, ularning egalari boʻlgan fuqarolar va yuridik shaxslarga belgilangan tartibda pul kompensatsiyalari toʻlanishini taʼminlasin;
markaz binosini qurish va jihozlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini 2019-yil oxiriga qadar taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi Andijon viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda obyektni chuqur ilmiy oʻrganish va keng targʻib etish, markazning samarali faoliyat yuritishi boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etsin.
6. Belgilansinki:
Andijon viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi markaz binosini qurish va jihozlash boʻyicha buyurtmachi hisoblanadi, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi;
markaz binosini qurish va jihozlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va majmuada qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar — 2019-2020-yillarda Andijon viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
obyektda arxeologik tadqiqotlar olib borish va konservatsiya qilish ishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar — 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti mablagʻlari doirasida, shuningdek, davlat buyurtmasi asosida ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ajratiladigan maqsadli grantlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamentining Andijon viloyati boshqarmasiga shtat birligini shakllantirishda markaz faoliyati uchun qoʻshimcha 5 ta shtat birligini (2 ta ilmiy xodim va 3 ta yordamchi xodim) ajratish hamda saqlash xarajatlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi markaz binosini qurish va jihozlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda markaz binosida qurilish-montaj ishlarining sifatli amalga oshirilishi yuzasidan nazorat oʻrnatsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Andijon viloyati hokimi Sh.Q. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-dekabr,
1059-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1059-son qaroriga ILOVA
Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish, tadqiq etish hamda Marhamat tumanining turistik salohiyatini oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r Chora-tadbirlar Ijro muddati Moliyalashtirish manbai Ijro uchun masʼullar 1. “Mingtepa” arxeologiya obyektida arxeologik tadqiqotlar va konservatsiya ishlarini amalga oshirish. 2019-2020-yillar, alohida rejaga muvofiq Madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni amalga oshirish uchun budjet mablagʻlari doirasida, viloyat mahalliy budjetining qoʻshimcha daromadlari Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Moliya vazirligi, Andijon viloyati hokimligi 2. “Mingtepa” arxeologiya obyektiga taalluqli boʻlgan tarixiy-madaniy, ilmiy va ommabop maʼlumotlarni jamlash, tahrir qilish va targʻibot ishlarida foydalanish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga taqdim etish. 2019-yil iyun Tashabbuskorlar mablagʻlari Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi 3. “Mingtepa” arxeologiya obyektiga tashrif buyuruvchilar uchun avtomobil toʻxtash joyi, savdo va boshqa shoxobchalarni tashkil etish. 2019-yil avgust Tashabbuskorlar mablagʻlari Andijon viloyati hokimligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar 4. “Mingtepa” arxeologiya obyektini turistlar tashrif buyuradigan maskanga aylantirish uchun respublikada faoliyat yurituvchi sayyohlik tashkilotlariga infoturlar tashkil etish. Obyekt tayyor boʻlganidan soʻng — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi, Andijon viloyati hokimligi 5. “Jingirtepa” va “Toshtepa” arxeologiya obyektlariga tashrif buyuruvchilar uchun avtomobil toʻxtash joyi, savdo va boshqa shoxobchalarni tashkil etish. 2019-2020-yillar Tashabbuskorlar mablagʻlari Andijon viloyati hokimligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar 6. “Jingirtepa” va “Toshtepa” arxeologiya obyektlariga olib chiquvchi yoʻlni piyodalar uchun moslashtirish hamda xavfsizlik choralarini koʻrish. 2019-2020-yillar Viloyat mahalliy budjetining qoʻshimcha daromadlari Andijon viloyati hokimligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar 7. “Jingirtepa” va “Toshtepa” arxeologiya obyektlarida tomosha qilish nuqtasini barpo etish va unda soyabon hamda atrof muhitni kuzatish uchun binokl oʻrnatilishini taʼminlash. 2019-yil avgust Tashabbuskorlar mablagʻlari Andijon viloyati hokimligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar 8. “Jingirtepa” va “Toshtepa” arxeologiya obyektlarida tashrif buyuruvchilar maroqli hordiq chiqarishlari uchun dam olish maskanlarini tashkil etish. 2019-2020-yillar Tashabbuskorlar mablagʻlari Andijon viloyati hokimligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar 9. “Mingtepa”, “Jingirtepa” va “Toshtepa” arxeologiya obyektlarini mahalliy va xorijiy turistlar oʻrtasida keng targʻib qilish uchun ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, Internet va bosma nashrlarda maqolalar chop etish, tashkilotchilar tomonidan taqdim etiladigan mavzuga oid video materiallar Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hamkori hisoblangan “Dunyo boʻylab” telekanalida va boshqa telekanallarda namoyish etilishini taʼminlash. Obyekt foydalanishga topshirilgandan soʻng doimiy ravishda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, ijrochilar mablagʻlari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi 10. Andijon viloyati Marhamat tumaniga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy turistlar uchun qoʻshimcha tashrif buyurish mumkin boʻlgan manzillarni aniqlash va turistlar tashrifi uchun moslashtirish, jumladan: tumandagi “Andijon samosi xalq dorbozlar guruhi” xonadonini etnoturizm yoʻnalishida doimiy turistlar tashrif buyurish maskaniga aylantirish choralarini koʻrish; yoshlarda vatanparvarlik hissini yuksaltirish, tarixiy madaniyat bilan tanishtirish maqsadida tumandagi “Turon oʻquvchi yoshlar va nogironlar oʻquv ishlab chiqarish markazi”, “Maʼnaviyat bogʻi” hamda tumandagi Mahdum Vosiliy nomidagi maʼnaviy meros markaziga taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalari sayohatini tashkil etish. doimo — Andijon viloyati hokimligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar
