Kartoshka urugʻchiligi tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (274-son)
27.06.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish va kartoshkaning urugʻlik fondi sifatini oshirish, shuningdek respublikada kartoshka urugʻchiligi tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda kartoshkachilik xoʻjaliklarining “Oʻzkartoshka” firmasini “Oʻzkartoshkanavurugʻlari” firmasiga aylantirish, birinchi reproduksiyali urugʻlik kartoshka yetishtiruvchi 1-ilovaga* muvofiq muassis xoʻjaliklar tarkibi va ekin maydonlari toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda “Oʻzkartoshkanavurugʻlari” firmasi muassis xoʻjaliklarining asosiy maydonlarida 2-ilovaga* muvofiq hajmlarda I reproduksiyali urugʻlik kartoshka yetishtirilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari respublika xoʻjaliklarining 3-ilovaga* muvofiq asosiy maydonlarida ikkinchi reproduksiyali urugʻlik kartoshka ekish va yetishtirishning moʻljallangan hajmlari bajarilishini taʼminlasinlar.
*1—3-ilovalar berilmaydi.
4. Quyidagilar:
urugʻlik kartoshkaning sinalmagan, shuningdek davlat va ishlab chiqarish sinovidan oʻtmagan navlari ommaviy ekish uchun respublikaga olib kelinishi;
oziq-ovqatga moʻljallangan kartoshkadan urugʻlik maqsadlarida foydalanilishi va uning urugʻlik sifatida sotilishi, sertifikatsiyalanmagan urugʻlik kartoshka ekilishi;
urugʻchilik xoʻjaliklarida urugʻlik kartoshka takroriy maydonlarda ekilishi taqiqlansin.
5. “Oʻzkartoshkanavurugʻlari” firmasi urugʻlik kartoshkani import qilishda bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtirishi uchun yigʻimlardan tashqari) istisno tariqasida 3 yil muddatga va uni birinchi reproduksiyali urugʻlik kartoshka yetishtiruvchi 1-ilovada* koʻrsatilgan urugʻchilik xoʻjaliklariga sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Kartoshkachilikda bozor munosabatlarini chuqurlashtirish va respublikada kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 30-avgustdagi 301-son qarori, 3, 7 va 8-bandlardan tashqari, oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari M.Z. Usmonov va T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 27-iyun,
274-son
