44-modda. Oʻzbekiston Respublikasi shifokorining qasamyodi
Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida (265-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Shifokor diplomini olayotgan shaxslar quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
“Shifokor degan yuksak unvonni olib, tibbiyot faoliyatiga kirishar ekanman:
oʻzimning bor bilim va mahoratimni bemorni davolashga hamda inson sogʻligʻini saqlashga bagʻishlashga;
yoshi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, har bir bemorga kuch-gʻayratim va vaqtimni ayamay tibbiy yordam koʻrsatishga;
bemorning sogʻligʻini shaxsiy manfaatlarimdan yuqori qoʻyishga, kamtar va halol boʻlishga, oʻz bilim va mahoratimni doimo oshirib borishga;
shifokor sirini saqlashga;
kishilarga hamisha mehr-muruvvat va shifo topishlariga ishonch hadya etishga;
Buqrot, Abu Ali ibn Sino singari ulugʻ tabiblarning shonli anʼanalarini davom ettirishga tantanali qasamyod qilaman.
Ushbu qasamyodga umrimning oxirigacha sodiq qolishga qasamyod qilaman”.
Shifokorlar qasamyodni buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
