24-modda. Bemorning huquqlari
Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida (265-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Bemor tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan va tibbiy yordam olayotgan paytda quyidagi huquqlarga ega:
tibbiyot xodimlari va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning hurmat va mehr-muruvvat koʻrsatishlari;
shifokorni va davolash-profilaktika muassasasini tanlash;
sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sharoitda tekshiruvdan oʻtish, davolanish va parvarish qilinish;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi belgilab qoʻygan tartibda oʻz iltimosiga koʻra boshqa mutaxassislarning konsilium qilishi va ulardan maslahatlar olish;
tibbiy yordam soʻrab murojaat qilganligi, sogʻligʻining holati, qoʻyilgan tashxis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda uni tekshirish va davolash chogʻida olingan boshqa maʼlumotlar sir saqlanishi;
tibbiy aralashuvga oʻz ixtiyori bilan rozilik berish yoki uni rad etish;
oʻz huquq va burchlari xususida hamda sogʻligʻining holati haqida maʼlumot olish, shuningdek sogʻligʻining holatiga doir maʼlumotlarni uning manfaatini koʻzlagan holda bersa boʻladigan shaxslarni tanlash;
ixtiyoriy tibbiy sugʻurta doirasida tibbiy va boshqa xil xizmatlardan foydalanish;
tibbiy yordam koʻrsatish vaqtida sogʻligʻiga zarar yetkazilgan taqdirda koʻrilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi;
huquqini himoya qilishi uchun huzuriga advokat yoki boshqa qonuniy vakil qoʻyilishi.
Huquqlari buzilgan taqdirda bemor yoki uning qonuniy vakili bevosita davolash-profilaktika muassasasining rahbari yoki boshqa mansabdor shaxsiga, yuqori boshqaruv organiga yoki sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.
