Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarning jismonan eskirgan va oʻz xizmatini oʻtab boʻlgan nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish hamda almashtirish, nasos stansiyalaridan foydalanishni va ularni boshqarishni avtomatlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (1042-son)
26.12.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qarorini bajarish hamda Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarning jismonan eskirgan va oʻz xizmatini oʻtab boʻlgan nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish hamda almashtirish, nasos stansiyalaridan foydalanishni va ularni boshqarishni avtomatlashtirishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarning jismonan eskirgan va oʻz xizmatini oʻtab boʻlgan 240 ta nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish hamda almashtirish, nasos stansiyalaridan foydalanishni va ularni boshqarishni avtomatlashtirishni tashkil etish chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq;
2020 — 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarning nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish hamda almashtirish, nasos stansiyalaridan foydalanishni va ularni boshqarishni avtomatlashtirish boʻyicha manzilli dastur (keyingi oʻrinlarda manzilli dastur deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi:
2019-yil 1-fevralga qadar Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda manzilli dasturga asosan modernizatsiya qilinadigan nasos stansiyalarining texnik-iqtisodiy hisoblashlarini ishlab chiqish uchun moliyalashtirish manbalarini belgilash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishini;
2019-yilning 1-avgustiga qadar tegishli loyiha tashkilotlari bilan birgalikda manzilli dasturga kiritilgan nasos stansiyalarini boshqarishning avtomatlashtirilgan (SCADA) tizimi joriy etilishini hisobga olgan holda ularning texnik-iqtisodiy hisoblashlari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-dekabr,
1042-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1042-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarning jismonan eskirgan va oʻz xizmatini oʻtab boʻlgan 240 ta nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish hamda almashtirish, nasos stansiyalaridan foydalanishni hamda ularni boshqarishni avtomatlashtirishni tashkil etish chora-tadbirlari rejasi
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1042-son qaroriga 2-ILOVA
2020 — 2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarning nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish va almashtirish, hamda ulardan samarali foydalanish va boshqarishni avtomatlashtirilgan tizimini tashkil etish boʻyicha
MANZILLI DASTURI
