2019-2023-yillarga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
13.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga tayangan holda oʻzaro manfaatli sherikchilikni yanada chuqurlashtirishga intilib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasida savdo va ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va diversifikatsiya qilish zarurligini taʼkidlagan holda,
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasida mavjud iqtisodiy, ishlab chiqarish, moliyaviy va boshqa imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish zarurligini anglagan holda,
ikki davlatning iqtisodiy va ilmiy-texnik salohiyatidan samarali foydalanishda teng huquqli va oʻzaro manfaatli savdo- iqtisodiy va ishlab chiqarish munosabatlarini ularga uzoq muddatli va barqaror xususiyat baxsh etib, yanada mustahkamlash va rivojlantirishni hisobga olgan holda,
1991-yil 6-noyabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasidagi davlatlararo munosabatlarning asoslari toʻgʻrisidagi Shartnomaga hamda 1993-yil 21-yanvarda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasidagi savdo munosabatlari toʻgʻrisidagi Bitimga amal qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2019 — 2023-yillarga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik Dasturini (keyingi oʻrinlarda — “Dastur”) amalga oshiradilar.
2-modda
Tomonlar Dasturni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishni Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Qoʻshma hukumatlararo komissiyaga (keyingi oʻrinlarda — “Komissiya”) topshirishga kelishib oldilar.
Dasturning amalga oshirilishi Komissiya majlislarida yiliga kamida bir marta koʻrib chiqiladi.
3-modda
Tomonlarning ijtimoiy-iqtisodiy hamkorligi davlatlar suveren tengligi, teng huquqlilik, oʻzaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslanadi hamda Tomonlarning milliy manfaatlarini inobatga olgan holda xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar toʻgʻridan toʻgʻri hamjihatlik orqali amalga oshiriladi.
Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratadilar.
Tomonlar tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik yuritish faoliyatini amalga oshirish uchun qulay iqtisodiy sharoitlar yaratishda, shuningdek oʻzaro qiziqish uygʻotadigan loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashadilar.
Tomonlar oʻz zimmalariga boshqa Tomonning iqtisodiyoti manfaatlariga zarar yetkazmaslik majburiyatini oladilar.
4-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va ularni yangi texnologik asosga oʻtkazish sohasidagi milliy ustuvor yoʻnalishlarni hisobga olgan holda ikki tomonlama iqtisodiy, savdo, ilmiy va texnikaviy aloqalarni rivojlantiradilar.
Tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida, birinchi navbatda, sanoat va yoqilgʻi-energetika kompleksida, transport va kommunikatsiya sohalarida, qurilish, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtiradilar.
Tomonlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va ikki davlat bozorlarida targʻib qilish, agrar sektordagi ilmiy tashkilotlar oʻrtasida keng qamrovli aloqalarni chuqurlashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytiradilar.
Tomonlar amalga oshirayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar sohasida hamkorlik qiladilar, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va qoʻshma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etadilar.
5-modda
Mazkur Shartnoma qoidalarini talqin qilishda yoki qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
6-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan mazkur Shartnomaga uning ajralmas qismlari hisoblanadigan, alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda mazkur Shartnoma kuchga kirishi uchun koʻzda tutilgan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
7-modda
Mazkur Shartnoma Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda
Mazkur Shartnoma imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va 2023-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
Mazkur Shartnoma amal qilishining tugatilishi Dasturga muvofiq mazkur Shartnomaning amal qilishi davrida boshlangan loyihalarni amalga oshirilishiga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2018-yil 13-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, mazkur Shartnomaning barcha matnlari bir xil yuridik kuchga ega. Bunda mazkur Shartnomaga Ilova* rus tilida tuzildi.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
(imzolar)
