Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
17.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
iqtisodiy va savdo aloqalaridagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida,
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha masalalar xalqaro ahamiyatga ega ekanligini, shuningdek, ularni hal qilish muvaffaqiyatli savdo-iqtisodiy va texnikaviy hamkorlik uchun muhimligini taʼkidlab,
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishni rivojlantirishda oʻzaro manfaatdorlikni hisobga olib,
isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish va oʻzaro yetkazib beriladigan mahsulotlarning xavfsizligini tasdiqlashni taʼminlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mazkur Bitim va Tomonlar davlatlari qonunchiligi asosida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlikni amalga oshiradilar.
2-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashni quyidagilar orqali amalga oshiradilar:
standartlashtirishning amaldagi milliy tizimlarini uygʻunlashtirish, oʻlchovlar va sertifikatlashtirishning oʻxshash xalqaro tizimlar talablari bilan bir xilligini taʼminlash;
standartlashtirish sohasida normativ hujjatlar va axborot materiallari, shu jumladan, ushbu sohalardagi mahsulotlar va xizmatlar uchun xalqaro va milliy standartlar almashinuvini amalga oshirish;
moddalar va materiallarning standart namunaviy tarkibi va xususiyatlarini, moddalar va materiallarning fizik holati va xususiyatlari toʻgʻrisidagi standart maʼlumotnomalarni, davlat sinovi natijalarini tan olish;
oʻlchov vositalari, sinov bayonnomalari, oʻzaro yetkazib beriladigan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlari va muvofiqlik belgilari turi, qiyoslashdan oʻtkazish, kalibrlash va metrologik attestatsiya qilishni, shuningdek, oʻlchov, sinov, qiyoslashdan oʻtkazish va kalibrlash laboratoriyalari va sertifikatlashtirish organlarini oʻzaro kelishilgan shartlarda tasdiqlash;
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish masalalari boʻyicha oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazish;
standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish masalalari boʻyicha qoʻshma seminarlar va konferensiyalar oʻtkazish.
3-modda
Tomonlar kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, mutaxassislar almashinuvi, korxonalar, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish borasida oʻzaro hamkorlik qiladilar.
4-modda
Mazkur Bitim qoidalari bajarilishi uchun quyidagilar Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari hisoblanadi:
Tojikiston tomonidan — “Tojikstandart” Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va savdo inspeksiyasi agentligi;
Oʻzbekiston tomonidan — “Oʻzstandart” Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi.
Yuqorida koʻrsatilgan vakolatli organlarning nomi va vazifalari oʻzgargan taqdirda, Tomonlar oʻz vaqtida diplomatik kanallar orqali xabardor qilinadilar.
5-modda
Mazkur Bitimning 2-moddasida nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik qoʻshma dasturlar asosida amalga oshiriladi.
Tomonlar, zarur hollarda, mazkur Bitim qoidalarini bajarish uchun qoʻshma ishchi guruhlar tuzadilar.
6-modda
Tomonlar, zarur hollarda, bir-birlariga standartlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish va qoʻllash masalalari boʻyicha tashkiliy, uslubiy va amaliy yordam koʻrsatadilar.
7-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish davomida yuzaga keladigan xarajatlarni, agar har bir aniq holatda boshqacha tartib kelishilmagan boʻlsa, Tomonlar davlatlarining qonunchiligida belgilangan mablagʻlar doirasida mustaqil ravishda qoplaydilar.
8-modda
Tomonlar qabul qilib olingan hujjatlar va mazkur Bitim doirasida amalga oshirilgan faoliyat va qoʻlga kiritilgan ilmiy- texnikaviy natijalarning maxfiyligini taʼminlaydilar, basharti taqdim etuvchi Tomon ularning maxfiyligini qayd etgan boʻlsa.
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik davomida Tomonlardan biri qoʻlga kiritgan hujjatlar va ilmiy-texnikaviy maʼlumotlar uchinchi tomonga faqat ushbu hujjat va maʼlumotlarni taqdim etgan Tomonning yozma roziligi bilan beriladi.
Muzokaralar va ilmiy-texnikaviy hamkorlikning birgalikda qulga kiritilgan natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan oshkor qilinishi mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda nizo va kelishmovshiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ularni maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qiladilar.
11-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligiga asosan mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda
Mazkur Bitim besh yil muddatga tuziladi va imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Basharti Tomonlardan biri mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonga tegishli muddat tugashidan kamida uch oy oldin yozma ravishda xabar bermasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 17-avgustda ikki nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
