Mineral oʻgʻitlarni yetkazib berish sohasida uzoq muddatli hamkorlik toʻgʻrisida
05.10.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligiga muvofiq savdo sohasida hamkorlik qilish orqali ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni mustahkamlash istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasidan Qirgʻiziston Respublikasiga mineral oʻgʻitlarni yetkazib berish masalalarida xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadilar.
Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik Tomonlar davlatlarining xalqaro majburiyatlari va milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
2-modda
Mazkur Bitim doirasida Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasidan Qirgʻiziston Respublikasiga mineral oʻgʻitlarni toʻgʻridan toʻgʻri yetkazib berish sohasida uzoq muddatli asosda amalga oshiriladi.
3-modda
Quyidagilar Tomonlarning mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan ijro organlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati;
Qirgiziston tomonidan — Qirgiziston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligi.
4-modda
Oʻzbekiston tomoni Oʻzbekiston Respublikasidan Qirgʻiziston Respublikasiga har yili 100 ming tonnadan kam boʻlmagan miqdorda azotli mineral oʻgʻitlarni yetkazib berish kvotasini belgilaydi, jumladan:
ammiakli selitra — 60,0 ming tonna;
karbamid — 40,0 ming tonna.
5-modda
Oʻzbekiston tomonidan mineral oʻgʻitlarni xarid qilish oʻzaro kelishilgan narxlar asosida Qirgʻiziston tomonining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
6-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasidan Qirgʻiziston Respublikasiga mineral oʻgʻitlarning toʻsiqsiz importi (eksporti) uchun sharoitlar yaratishga koʻmaklashishga kelishib oldilar.
7-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar, shuningdek, nizoli yoki fors-major vaziyatlarning kelib chiqishi Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv yoki muzokaralar yoʻli bilan hal etilishi lozim.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan, uning ajralmas qismlari hisoblanadigan va Bitimning 9-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va yetti yil davomida amal qiladi. Ushbu muddat tugaganidan soʻng, basharti Tomonlardan biri navbatdagi yetti yillik muddat boshlanguniga qadar olti oy ichida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qilmasa, uning amal qilishi keyingi yetti yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2017-yil 5-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
