Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
13.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat iqtisodiyotini rivojlantirishda fan va texnologiyalarning oʻrni muhimligini anglab,
davlatlar oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashni istagan holda,
ikki mamlakatning ilmiy tashkilotlari va olimlari oʻrtasidagi samarali va jadal hamkorlikka koʻmaklashishni niyat qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar mazkur Bitim qoidalarini davlatlardan har birining milliy qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga muvofiq qoʻllaydilar.
2-modda
Tomonlar teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga asoslanib, ikki mamlakat oʻrtasida fan va texnologiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar.
3-modda
Tomonlar ikki mamlakatning ilmiy, ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlari oʻrtasida bevosita fan va texnologiyalar sohasida ushbu tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan bitimlar asosida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar
4-modda
Tomonlar ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish, shu jumladan, axborotlashtirish, shuningdek, amaliy tadqiqotlar sohasida ilmiy- texnikaviy hamkorlikni rivojlantiradilar.
5-modda
Mazkur Bitimga muvofiq Tomonlar oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
ilmiy-texnikaviy axborot almashinuvi;
qoʻshma ilmiy-texnikaviy loyihalar va dasturlarni amalga oshirish;
oʻzaro qiziqish uygʻotadigan tadqiqotlar va ishlanmalar oʻtkazish uchun olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar almashinuvi;
Tomonlar oʻrtasida oldindan kelishuvga muvofiq ilmiy tadbirlarda (konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, amaliyotlarda) ishtirok etish;
ilmiy-texnikaviy sohada qoʻshma tadbirlar tashkil etish va oʻtkazish;
Tomonlar oʻrtasida oldindan kelishuvga muvofiq hamkorlikning boshqa shakllari.
6-modda
Tomonlar ikki mamlakat tashkilotlari oʻrtasida quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikka har tomonlama koʻmaklashadilar:
energetika va energiyani tejash, qayta tiklanadigan energitika;
tibbiyot va tibbiyot texnologiyasi, farmatsiya;
nano- va biotexnologiyalar;
kimyoviy texnologiyalar;
yangi materiallar;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari;
raqamli iqtisodiyot;
aerokosmik soha;
robototexnika;
oziq-ovqat xavfsizligi;
agro-sanoat texnologiyalari;
tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish va ularning oldini olish;
suv resurslarini boshqarish texnologiyalari;
foydali qazilma boyliklarini qazib olish texnologiyalari;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
lazerli texnologiyalar va fotonika.
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra, keyinchalik ushbu roʻyxat boshqa ustuvor yoʻnalishlar bilan toʻldirilishi mumkin.
7-modda
Mazkur Bitimning 6-moddasini amalga oshirish doirasida Tomonlar ikkala mamlakat tashkilotlari oʻrtasida samarali hamkorlik qilishga koʻmaklashadilar va shu maqsadda:
oʻzaro qiziqish uygʻotadigan aniq ilmiy-texnikaviy hamda innovatsion loyihalarni koʻrib chiqish;
koʻrsatilgan loyihalarni amalga oshirish uchun sheriklarni tanlashga koʻmaklashish;
ilmiy-texnikaviy va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish, texnik va iqtisodiy samaradorligi, ularning natijalarini joriy etish va ulardan foydalanish tartibi va shartlarini birgalikda aniqlash;
ilmiy-texnikaviy, shuningdek, innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun zarur boʻlgan kontraktlarni (bitimlar, kelishuvlarni) tuzishda koʻmaklashish, shu jumladan, tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash;
ishlab chiqilgan texnologiyalarni joriy etish uchun zarur boʻlgan mutaxassislarni oʻqitishga koʻmaklashish.
8-modda
Mazkur Bitim doirasidagi qoʻshma faoliyat natijasida olingan ilmiy-texnikaviy maʼlumotlar Tomonlarning yozma roziligiga binoan va Tomonlar davlatlaridan har birining xalqaro majburiyatlariga, Tomonlar davlatlaridan har birining qonunchiligiga, shuningdek, hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning nizomlariga muvofiq uchinchi shaxslarga topshirilishi mumkin, tijorat siri hisoblangan maʼlumotlar bundan mustasno.
Mazkur Bitim doirasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va boshqa qoʻshma faoliyat natijalari Tomonlar oʻrtasida teng taqsimlanadi va basharti Tomonlar oʻzgacha tarzda kelishib olmagan boʻlsalar, uchinchi shaxslarga oshkor qilinmaydi.
9-modda
Mazkur Bitim doirasida hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun Tomonlar oʻz vakolatli organlarining vakillaridan iborat tarkibda Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik boʻyicha Qoʻshma komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuzadilar. Komissiya oʻz faoliyatini tashkil etish uchun tegishli Nizomni tasdiqlaydi.
10-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va (yoki) qoʻllash boʻyicha kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
11-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Bunday oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va uning 12-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradi.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh yillik muddatga tuziladi, basharti Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida joriy besh yillik muddat tugashidan kamida olti oy oldin diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor etmasa, uning amal qilishi navbatdagi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi Bitimga muvofiq amalga oshirilayotgan, ammo uning amal qilish muddati tugaguniga qadar yakunlanmagan qoʻshma loyihalar, dasturlar va boshqa tadbirlarning bajarilishiga daxl qilmaydi.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga tayanadilar.
Toshkent shahrida 2018-yil 13-sentabrda, ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
(imzolar)
