Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
09.03.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
turizmni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish va Tomonlar davlatlari aholisi madaniy turmush tarzi bilan yaqindan tanishish maqsadida,
Tomonlar oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishning oʻzaro manfaatliligidan kelib chiqib,
Tomonlar davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishida turizmning muhim rolini inobatga olgan holda,
turizm sohasida ikki tomonlama asosda samarali hamkorlikka erishishga intilib,
tenglik, oʻzaro hurmat va oʻzaro manfaat prinsiplariga tayanib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining fuqarolarini Tomonlar davlatlari xalqlarining fan, iqtisodiyot, ijtimoiy taraqqiyot, madaniyat sohasidagi yutuqlari, tabiati va diqqatga sazovor joylari, shuningdek, tarixiy yodgorliklari va madaniy anʼanalari bilan tanishtirish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar oʻz davlatlari oʻrtasida sayyohlik oqimini oʻzaro kengaytirish maqsadida turizm sohasida faoliyat yuritadigan Tomonlar davlatlarining tashkilotlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar xalqaro konferensiyalar, forumlar, seminarlar, koʻrgazmalar va ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilish orqali “Buyuk Ipak yoʻli” va shu kabi boshqa qoʻshma turistik yoʻnalishlar va brendlarni ilgari surishga koʻmaklashadilar.
4-modda
Tomonlar mazkur Bitimning 1 — 3-moddalarida belgilangan maqsadlarga erishish uchun quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
a) Tomonlar davlatlarining ommaviy axborot vositalarida reklama kampaniyalarini oʻtkazish;
b) turizmni rivojlantirish boʻyicha turli tadbirlar, shu jumladan, seminarlar, konferensiyalar va V2V formatidagi uchrashuvlar oʻtkazish;
v) Tomonlar davlatlarining hududida oʻtkaziladigan turistik yarmarkalar va koʻrgazmalarda ishtirok etish;
g) turizmning tibbiy va ziyorat turlarini ragʻbatlantirish;
d) turistik tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tanishtiruv safarlari tashkil qilish;
e) Tomonlarning turizm sohasiga investitsiya jalb qilishdagi hamkorligini qoʻllab-quvvatlash;
j) kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashga koʻmaklashish, shuningdek, Tomonlar davlatlari manfaatdor muassasalari mutaxassislarining tajriba almashinuvi orqali turistik sanoat vakillari uchun stajirovkalar tashkil etish;
z) turizm sohasida maʼlumot va ish tajribasi bilan almashish, shuningdek, Tomonlar davlatlari milliy qonunchiligiga muvofiq investitsiya sohasida taqdim etiladigan imtiyozlar toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
i) Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligi doirasida turistik nashrlar va boshqa materiallar, xususan, Tomonlar davlatlarining turistik salohiyatini targʻib qiladigan audio va video materiallarni tarqatish.
5-modda
Tomonlar mazkur Bitimning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan quyidagi vakolatli organlarni belgilaydilar:
Tojikiston tomonidan — Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi;
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.
6-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligida belgilangan tartibda boshqa Tomon davlati hududida boʻlgan Tomonlar davlatlari turistlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha, shu jumladan, favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda, ularning evakuatsiyasi boʻyicha choralar koʻradilar.
7-modda
Tomonlar, zarur hollarda, maslahatlashuvlar oʻtkazadilar va mazkur Bitimning qoidalari bajarilishi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ishchi guruhlarni tashkil etadilar hamda ushbu maqsadda uning bajarilishiga qaratilgan choralarni taklif etadilar.
8-modda
Mazkur Bitimning qoidalari bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar, basharti har bir aniq holat boʻyicha boshqacha kelishilmagan boʻlsa, har bir Tomon tarafidan Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq tegishli sohaga ajratilgan moliyaviy resurslar doirasida qoplanadi.
9-modda
Mazkur Bitimning qoidalarini qoʻllash yoki talqin qilishda yuzaga keladigan har qanday nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va bir Tomon boshqa Tomonning mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini olgan sanadan boshlab uch oy oʻtgunga qadar amal qiladi.
Dushanbe shahrida, 2018-yil 9-martda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnni qoʻllaydilar.
(imzolar)
