Sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
13.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1883 yil 20-martda imzolangan, 1967-yil 14-iyulda Stokgolmda qayta koʻrib chiqilgan, 1979-yil 2-oktabrda oʻzgartirishlar kiritilgan Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij Konvensiyasi (keyingi oʻrinlarda — Parij Konvensiyasi) qoidalariga amal qilib,
iqtisodiyot, savdo, madaniyat, fan va texnika sohasida ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun sanoat mulkini samarali muhofaza qilishning muhimligini anglagan holda,
sanoat mulki obyektlarini samarali va muvofiq ravishda muhofaza qilish bunday hamkorlikni rivojlantirishning zaruriy sharti hisoblanishini eʼtirof etib,
tenglik va oʻzaro manfaat prinsiplari asosida sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni rivojlantirish zarurligini anglagan holda va bunday hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun “sanoat mulki” tushunchasi Parij konvensiyasining 1-moddasida koʻrsatilgan maʼnoda tushuniladi.
2-modda
Tomonlar oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq quyidagi sohalarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish;
sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish va ushbu yoʻnalishda rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha axborot almashish;
sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish sohasida chora-tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha tajriba almashish;
sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi oʻquv, uslubiy va maxsus adabiyotlar bilan almashish;
sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish sohasida kadrlarni tayyorlash va ularning kasbiy malakasini oshirish;
sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha koʻp tomonlama xalqaro shartnomalarda Tomonlarning ishtiroki va bunday shartnomalar bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va xalqaro hamkorlik tajribasi bilan almashish;
sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish masalalari boʻyicha qoʻshma seminarlar, konferensiyalar oʻtkazish va koʻrgazmalar tashkil etish;
shuningdek, sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilishning Tomonlar kelishgan boshqa sohalari.
3-modda
Sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish sohasida bir Tomon davlatining jismoniy va yuridik shaxslari boshqa Tomon davlatining hududida ushbu boshqa Tomon davlatining oʻz jismoniy va yuridik shaxslariga qonunchilik bilan hozirda berilgan yoki beriladigan huquq va ustunliklarga, xuddi shunday asoslar va hajmlarda huquqiy muhofaza qilish vositalaridan foydalangan holda, ega boʻladilar.
Shu bilan birga, mazkur Bitimda tartibga solinmagan masalalar boʻyicha Tomonlar Parij konvensiyasining qoidalarini qoʻllaydilar.
4-modda
Bir Tomon davlatining jismoniy va yuridik shaxslari boshqa Tomon davlati hududida uning jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan shartlar asosida sanoat mulki obyektlariga taalluqli patent fondlari, kutubxonalar, maʼlumotlar bazalaridan foydalanadilar.
5-modda
Har bir Tomon boshqa Tomon davlatining jismoniy va yuridik shaxslariga sanoat mulki sohasidagi axborotni rus tilida mavjud boʻlgan ochiq manbalardan olish huquqini taʼminlaydi.
6-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun quyidagi davlat organlari masʼul hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi;
Belarus Respublikasida — Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi.
Mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha masʼul davlat organlarining hamkorligi tartibi va shartlari ular oʻrtasidagi maxsus bitimlar bilan aniqlanadi.
Vakolatli organlar oʻzgargan taqdirda Tomonlar bu toʻgʻrisida 30-kunlik muddatda bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
7-modda
Zarurat boʻlgan hollarda Tomonlar ular oʻrtasida tuziladigan iqtisodiyot, sanoat, fan, texnika va boshqa sohalarda hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarga sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha qoidalarni kiritadilar.
8-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirishda Tomonlar bir-biriga joʻnatadigan barcha hujjatlar rus tilida taqdim etiladi.
9-modda
Mazkur Bitimning qoidalarini qoʻllash va talqin qilishga taalluqli nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar vakillari oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlarning boshqa davlatlar bilan sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik qilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
11-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan, mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda mazkur Bitimning 12-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, basharti bayonnomalarda oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa.
12-modda
Mazkur Bitim besh yil muddatga tuziladi va imzolangan kundan kuchga kiradi. Basharti Tomonlardan biri mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida koʻrsatilgan muddat tugashidan kamida olti oy avval diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor etmasa, uning amal qilishi navbatdagi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi mazkur Bitim amal qilish davrida topshirilgan talabnomalar boʻyicha Tomonlar davlatlarining jismoniy va yuridik shaxslariga berilgan yoki berilishi mumkin boʻlgan muhofaza hujjatlarining amal qilishiga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2018-yil 13-sentabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, belarus va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
